Energetika vazirligi yosh mutaxassislarni tanlash dasturi doirasida bir qator oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi talabalari uchun tanlov e’lon qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 4-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini Energetika vazirligi va tizim tashkilotlarida stajirovkasini tashkil etish orqali davlat xizmatiga munosib kadrlarni tanlash va istiqbolli kadrlarni tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan yosh mutaxassislarni tanlash dasturi” tasdiqlangan.
Dasturga muvofiq oliy ta’lim muassasalaridan kamida 10 nafar eng iqtidorli talabalar saralab olinadi hamda Energetika vazirligi tizimidagi “O‘zbekneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “Hududgazta’minot”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zatom” agentligi, “Milliy dispetcherlik markazi” DUK hamda Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida stajirоvka o‘tash uchun yuboriladi. Shuningdek, talabalarga stajirovka davomida belgilangan tartibda oylik maoshlari ham to‘lab boriladi.
Mazkur Dastur ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Geologiya fanlari universiteti hamda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Moskva muhandislik-fizika instituti (MIFI) va Moskva energetika instituti (MEI)ning Toshkent shahridagi filiallari bitiruvchi kurs talabalari uchun quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi:
1. Energetika (issiqlik energetikasi);
2. Elektr energetikasi;
3. Gidroenergetika;
4. Muqobil energiya manbalari (turlari bo‘yicha);
5. Gaz jihozlaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish;
6. Neft va gaz ishi (faoliyat turlari bo‘yicha);
7. Neft va neft-gazni qayta ishlash texnologiyasi;
8. Neft va gaz konlari geologiyasi, qidiruv va razvedkasi.
Tanlovda:
- oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlarida kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha tahsil oluvchi bitiruvchi kurs talabalari;
- ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikati (kamida B1 daraja) mavjud bo‘lgan hamda o‘rtacha reyting bahosi 71 foizdan yuqori bo‘lgan bitiruvchi talabalari qatnashishlari mumkin.
Tanlov 2023-yil 5-fevraliga qadar (shu kun ham) davom etadi.
Talabalar hujjatlarni quyidagi havola orqali topshirishlari mumkin: https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSemU95PXIeYFlxlRn9EUx9vNS0b_ZUIpZ3ukjFqNLtsNTHSzg/viewform