2021 yil 21 sentabr kuni Toshkent viloyatining Angren shahridagi 40-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchi bolalarga Energetika vazirligi tomonidan energotejamkorlik va energosamaradorlikka bag‘ishlangan 280 nusxa “Super Leo” kitoblari topshirildi.
Energetika vazirligi va ERIELL Group tomonidan bugungi kunda juda dolzarb bo‘lgan energotejamkorlik va energosamaradorlikka bag‘ishlangan kitob chop etilgan edi.
Kitobda energiya resurslari ishlab chiqarilib xonadonimizga yetib kelgunga qadar qanchalar mashaqqatli va qimmat ekanligi oddiy tilda tushuntirilgan. Kitob bugungi kunda barchamiz uchun juda zarur bo‘lgan energiya resurslaridan bolalikdanoq tejab foydalanishni o‘rgatadi.
- Haqiqatdan ham energiyatejamkorlik dalzarb mavzu. Bunga barchamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Energiyadan tejab foydalansak, avvalo hamyonimizga foyda. Qolaversa, bugungi kunda ushbu zarur yoqilg‘ining kelajak avlodlarimizga ham yetib borishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz, - deydi Angren shahridagi 40-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Nodira Nabiyeva.
Maʼlumot uchun: Ushbu kitoblar Energetika vazirligi tomonidan qator idora va tashkilotlar hamda maktabgacha taʼlim muassasalariga homiylik asosida topshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati