Yil yakuniga ham sanoqli kunlar qolgani har bir inson uchun o‘z sarhisobini yuritishga undaydi. Yil davomida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda yangi yil uchun yangi rejalar tuzish masʼuliyati hech kimni befarq qoldirmaydi.
O‘tib borayotgan 2021 yilda barcha jabhalardagi qatori “Farg‘ona NQIZ” MChJda ham bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, investitsiya loyihasi va ishlab chiqarish sohasida belgilangan quyidagi rejalar amalga oshirildi:
- Neft xom ashyosini qayta ishlash hajmi 1.000.000 tonnadan oshdi;
- Energiya resurslari isteʼmolini tejash dasturi tatbiq qilindi;
- Neft mahsuloti yo‘qotishlarini ishlab chiqarishga qaytarishning doimiy ishlaydigan sxemasi yaratildi, Toshloq xududida joylashgan birinchi bosqich ushlab qoluvchi quduqlarning butun hajmini ishga tushirish bo‘yicha ishlar qayta tiklandi. Ushbu chora-tadbirlar ekologik vaziyatni nazorat qilish va oyiga 160 tonnagacha ushlangan neft mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaytarish imkonini beradi. Bundan tashqari, kontservatsiya qilingan tindirgich rezervuarlarni tozalash orqali 300 tonnagacha saqlanib qolgan neft mahsulotlarini qaytarish bo‘yicha ishlar tashkil etildi;
- Ilk bor “Yevro IV” sinfidagi dizel yoqilg‘isining sanoat partiyalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi;
- “Yevro V” ekologik sinf dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish joriy etildi;
- Qotish harorati – 25 0C bo‘lgan qishki dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi;
- 2011 yildan buyon birinchi marta АI-95 II sinfidagi avtomobil benzini ishlab chiqarish qayta tiklandi;
- BN-25 burg‘ulash eritmasining sanoat partiyasi ishlab chiqarilishi yo‘lga qoʼyildi;
- Oʻz DSt/IEC 17025:2019 standartining yangi attestati bo‘yicha zavod markaziy laboratoriyasining yangi muvofiqlik sertifikati olindi;
- Tashqi audit natijalariga ko‘ra FNQIZ Energiya menejmenti tizimining (EMS) ISO 50001 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi tasdiqlandi;
- Uchinchi tomon tashkilotlariga pullik xizmatlar (mexanik-taʼmirlash, transport, metrologiya va boshqalar) ko‘rsatish sxemasi belgilandi, pudratchilarning mexanik va taʼmirlash xizmatlaridan voz kechildi, bu esa o‘z navbatida zavodning o‘z bo‘linmalari uchun ish hajmining oshishiga taʼsir qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 fevraldagi 67-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining “Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan o‘tkazildi va joriy yil 31 mart kuni ijobiy xulosa olingan edi. 2021 yil 14 dekabrda Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tasdiqlandi.
Fransiyaning “Аksens”, hamda Buyuk Britaniyaning - “Amec Foster Wheeler” - WOOD kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan asos loyixalari (PDP/FEED) asosida, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining “Omsknefteximproekt” MChJ (ONXP) tomonidan yangi texnologik qurilmalarni qurish uchun ishchi loyihasini ishlab chiqish ishlari jadal davom etmoqda. Mavjud texnologik obyektlarni rekonstruktsiya qilish hamda yangi markazlashgan boshqaruv tizimi va zamonaviy laboratoriya binolarini qurish bo‘yicha ishchi loyihasini ishlab chiqish uchun “UzLiTi Engineering” MChJ jalb etilgan bo‘lib, ikkala loyiha institutlari tomonidan ishlar, tasdiqlangan jadval asosida olib borilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarilishi uzoq muddat talab qilinadigan barcha texnologik jixozlarning asosiy texnik parametrlari aniqlanib, tegishli texnik shartlar ishlab chiqildi va ushbu texnik shartlar asosida yetkazib beruvchi kompaniyalarni tenderlar asosida jalb qilish va jixozlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun buyurtmalar berish jarayoni amalga oshirilmoqda.
Investitsiya loyihaning o‘z vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida, ishchi loyihasini ishlab chiqish, uskunalar va materiallarni yetkazib berish hamda qurilish ishlarini bajarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun “Enter Engineering Pte.Ltd” kompaniyasi “EPC” shartnoma asosida jalb etilgan bo‘lib, quyidagi ishlar hamkorlikda amalga oshirilmoqda:
- yangi turdagi yuqori samarador xom ashyo va tayyor neft mahsulotlarini saqlovchi rezervuarlarni qurish bo‘yicha ishchi loyihasi bugungi kunda yakuniy bosqichlarda bo‘lib, rezervuarlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha “KONАR” АJ bilan shartnoma imzolandi va rezervuarlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi;
- uglevodorod xom ashyosini quyish va to‘kish, qayta ishlash va saqlash, yarim tayyor mahsulotlar va tijorat mahsulotlarini o‘lchashni avtomatlashtirish uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi kompaniyani jalb etish maqsadida texnik shartlar ishlab chiqildi hamda “Farg‘ona NQIZ” MChJ va “SEG” MChJ mutaxassislari bilan hamkorlikda tender savdolari o‘tkazilmoqda;
- “UZROSNEFTEGАZGEO” hamda “UzGАShKLITI” tashkilotlari bilan tuzilgan o‘zaro shartnomalarga asosan qurilish maydonlarida muhandislik tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda, bugungi kunda topografik tadqiqotlari nihoyasiga yetkazilib, geologik tadqiqotlarni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi;
- loyihalanayotgan gidrokreking hamda vodorod ishlab chiqarish qurilmalarining ehtiyojlarini taʼminlash maqsadida, suvni kimyoviy tozalash qurilmasi, hamda yuqori bosimli bug‘ ishlab chiqarish qozonxonasini qurish uchun ajratilgan yer maydonlarida dastlabki qurilish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda;
- “Omsknefteximproekt” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik shartlar asosida uskunalarni yetkazib beruvchi kompaniyalar tenderlar asosida jalb etildi, natijada gidrokreking hamda vodorod ishlab chiqarish qurilmalari uchun reaktor, pech va adsorber kabi uskunalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha dunyoning taniqli Xitoy, АQSh va Italiya kompaniyalari tomonidan, o‘zaro tuzilgan shartnomalar asosida uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda;
- tabiiy gaz yetkazib berish uchun mo‘ljallangan umumiy uzunligi 12 km dan iborat yangi tashqi quvurini qurish uchun yer maydonlarini belgilash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun jalb etilgan “Vodiy kommunal servis” MChJ tomonidan loyihalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlab o‘tish joizki, joriy yilning 17 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasining “Gazprombank” АJ xalqaro tijorat banki hamda eksport kreditlari va investitsiyalarini sug‘urta qilish agentligi EKSАR sug‘urta agentligi masʼul vakillari FNQIZga tashrif buyurishdi hamda zavodda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni yuqori baholadilar va har tomonlama qoʼllab-quvvatlashlarini bildirdilar. Bugungi kunda ushbu banklar talabiga asosan, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasining ishchi hujjatlarini ishlab chiqishda qabul qilinayotgan texnik-texnologik ko‘rsatgichlarini o‘rganib chiqish va ekspert xulosa kiritish maqsadida xalqaro texnik konsultantini jalb qilish uchun texnik shart ishlab chiqildi va dunyoning yuqori tajribali maxsus kompaniyalarini tenderlar asosida jalb etish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning 15-19 noyabr kunlari “Optimallashtirilgan rejalashtirish modelini loyihalash, ishlab chiqish va ishga tushirish” loyihasi doirasida “SANOAT ENERGETIKA GURUHI” MChJ, “AspenTech” va “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ vakillari ishtirokida oflayn amaliy o‘quv kursi va mashg‘ulotlari tashkil etildi. O‘quv kursi mashg‘ulotlari davomida, loyihani tadbiq etish va amalga oshirish jadvali, ish hajmini batafsil aniqlash, o‘quv kursida qatnashgan foydalanuvchilarni sertifikatlash, loyihaning funksional tasnifini ishlab chiqish va tasdiqlash va boshqalar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
2022 yilda investitsion loyihani amalga oshirish ishlarini yanada jadallashtirish, tashqi investitsiyalarni jalb etish hamda ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, maqsad qilib qo‘yilgan ijobiy va respublikamiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish natijalariga erishish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Kirib kelayotgan 2022 yilda “Farg‘ona NQIZ” MChJ jamoasiga o‘z oldiga buyuk maqsad va vazifalarni qo‘yishini, o‘z sohalarida yuqori natijalarga erishishini, kasb-hunar mahorati saviyasini oshirishini va natijada zavodni zamonaviy, raqobatbardosh korxonaga aylantirib, davlatimiz iqtisodiy potensialini oshirishga qaratilgan rejalarini amalga oshirib, korxonaning barcha xodimlarini moddiy jihatdan taʼminotini barqaror qilishini tilab qolamiz.