Hurmatli isteʼmolchilar!
O‘tgan hafta davomida anomal issiq havo harorati sababli tabiiy ravishda elektr energiyasiga bo‘lgan talab eng yuqori isteʼmolni tashkil qildi.
Jumladan, respublika bo‘yicha o‘tgan yoz mavsumida havo haroratining eng yuqori, sutkasida 224 million kilovatt-soat elektr energiyasi isteʼmol qilingan bo‘lsa, joriy yilning 22 iyul kuni eng yuqori isteʼmol qayd etilib, 237 million kilovatt-soat yoki 6 foizga ko‘pni tashkil qildi.
Xususan, Toshkent shahrida isteʼmol tarixiy ko‘rsatkichga yetib, odatda kuz-qish mavsumida yuqori bo‘ladigan isteʼmoldan ham ortdi. Yaʼni, o‘tgan 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumida Toshkent shahrida eng yuqori isteʼmol 24 million kilovatt-soatni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil 22 iyul sanasi bu ko‘rsatkich 27,5 million kilovatt-soat yoki 15 foizga ko‘pni tashkil etdi.
Isteʼmolning bunday oshishiga, albatta, yangi binolarning qurilishi, ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushirilishi bilan bir qatorda ayrim xonadonlarda elektr energiyasining sutkalik isteʼmoli 1000 kilovatt-soatgachaga yetganligi yoki ushbu xonadonlar o‘rtacha xonadonning 4-5 oylik elektr energiyasi isteʼmolini bir kunda isteʼmol qilishi sabab bo‘lgan.
Energetika vazirligi havo haroratining issiq kunlarida elektr qurilmalarida yuklamaning ortib ketishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik nosozliklarni oldini olish va elektr energiyasi yetkazib berilishining barqarorligini taʼminlash maqsadida, isteʼmolchilardan imkon qadar ushbu resursdan tejamkorlik bilan foydalanishlarini eslatib o‘tadi.