O‘zbekiston Prezidenti bugun poytaxtimizda o‘z ishini boshlagan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ishtirokchilariga o‘z murojaatini yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.
Prezident Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ming yillar davomida o‘zbek va afg‘on xalqlari yonma-yon yashab kelgani, bizni umumiy madaniy, maʼnaviy va tarixiy qadriyatlar, yagona din va buyuk ajdodlar merosi birlashtirib turishini taʼkidladi.
Murojaatda qayd etilganidek, Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa O‘zbekistonda ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.
«Shu sababli o‘zining yangi tarixida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy
va gumanitar inqirozga duch kelayotgan Afg‘onistonga nisbatan eʼtibor dunyoda tobora susayib borayotgani xavotir uyg‘otmasdan qolmaydi», deya taʼkidlanadi O‘zbekiston Prezidentining forum ishtirokchilariga murojaatida.
O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ekanligini taʼkidladi
Davlatimiz rahbari bugun Toshkentda o‘tkazilayotgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida jahon hamjamiyati ushbu mamlakat bilan munosabatlarda avvalgi xatolarni qayta takrorlamaslik zarurligiga eʼtibor qaratdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990-yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab o‘ta oladi va shunga erishish lozim. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yana-da yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Afg‘oniston Muvaqqat hukumatining mamlakatni tiklash borasidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
Davlatimiz rahbari Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida Afg‘oniston rasmiylarining mamlakatni mojarodan keyingi tiklanish, mustaqil, barqaror va o‘zini o‘zi taʼminlaydigan davlat barpo etish borasidagi saʼy-harakatlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«Hozirgi paytda Muvaqqat hukumat mamlakatda tinchlikni qaror toptirish bo‘yicha muayyan qadamlarni qo‘ymoqda, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qilmoqda, - dedi O‘zbekiston Prezidenti. - Biz ushbu saʼy-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Shu bilan birga, davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lib qolmoqda».
O‘zbekiston Prezidenti Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro terrorchi tashkilotlar bilan aloqalarni uzishga chaqirdi
Davlatimiz rahbari Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida Afg‘oniston hukumatini jahon hamjamiyatining asosiy talablariga rioya qilishga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
-Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qatʼiy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz, - deyiladi O‘zbekiston Prezidenti murojaatida. - Bu muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afg‘oniston uchun yon atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish bo‘yicha aniq istiqbollarni ochadi.
O‘zbekiston Prezidenti: Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yo‘nalishimizga aylanmog‘i lozim
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizdagi Kongress xolda o‘z ishini boshlagan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida Afg‘onistonning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi muhimligiga eʼtibor qaratdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
-Yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya ham Afg‘onistonda tinchlikni saqlash xalqaro xavfsizlikni taʼminlash uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqladi, - deyiladi davlatimiz rahbarining murojaatida. - Biz, butun xalqaro hamjamiyat afg‘on xalqi bilan birdamlikni namoyon etishimiz zarur. Biz o‘z saʼy-harakatlarimizni Afg‘onistonni tinch, barqaror va gullab-yashnayotgan, terrorizm, urush va narkotik moddalardan xoli mamlakatga aylantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga safarbar qilishimiz lozim. Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yo‘nalishimizga aylanishi kerak, bu jafokash afg‘on zaminida mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim sharti hisoblandi. Bu yo‘nalish, xususan, mazkur mamlakatning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini, infratuzilmalarga oid va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.