“Yashil” energiyaga o‘tish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash uchun zarur bo‘lgan omillardan biri hisoblanadigan energiya samaradorligi avvalo o‘zimizdan boshlanadi. Misol uchun, biz qanday lampalardan foydalanamiz?
O‘zbekistonda 2016-yil 1-iyuldan quvvati 40 Vt.dan yuqori bo‘lgan cho‘g‘lanma lampalarni erkin muomalaga chiqarish, 2017-yil 1-yanvardan esa ularni sotish taqiqlangan. Bu Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-oktabrdagi 299-sonli qarorida belgilab berilgan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, O‘zbekistonda energiya samarasiz cho‘g‘lanma lampa ishlab chiqarilmaydi. Ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, hozirda faqat bunday lampalar chet davlatda ishlab chiqariladi va eksport qilinadi.
Shunga qaramay, afsuski, bugungi kunda ham bozor rastalarida ushbu 40 Vt.dan yuqori bo‘lgan, samaradorligi juda past bo‘lgan cho‘g‘lanma lampalar sotilmoqda. Afsuski, butun dunyoda energiya tejamkorlik mavzusi dolzarb bo‘lgan mana shu kunlarda.
Xo‘sh, energiyani tejash nima uchun kerak? Xususan, elektr energiyasi isteʼmolida energiya samarasiz cho‘g‘lanma lampa va energiya tejamkor, zamonaviy LED lampasining ahamiyatini tahlil qilamiz.
Birgina energiya tejovchi svetodiod — LED lampasining qanchalar foydali ekanini bilasizmi?
Agar foydalanilayotgan 100 Vt quvvatli cho‘g‘lanma lampalarni 7 Vt quvvatli energiya tejovchi lampalarga almashtirilsa, sutka davomida 8 soat ishlaganda quyidagilar sarflanadi:
- 100 Vt quvvatli lampa bir kunda o‘rtacha 8 soat ishlasa 800 Vt.soat, bir oyda esa 24 kilovatt-soat elektr energiyasi sarflaydi.
- 7 Vt quvvatli energiya tejovchi lampa esa, bir kunda 8 soat ishlasa 56 Vt, bir oyda (30 kun) 1,6 kilovatt-soat elektr energiyasi sarflaydi.
Demak, bir dona energiya tejovchi lampa bir oyda 22.4 kilovatt-soat elektr energiyasini iqtisod qiladi.
Bu esa, elektr energiyasining amaldagi 295 so‘m tarifi bo‘yicha hisoblaganda, bir dona energiya tejovchi lampa bir oyda 6 608 so‘m, bir yilda esa 79 296 so‘m iqtisod qiladi.
Maʼlumot uchun: 100 Vt quvvatli energiya samarasiz lampa beradigan nur o‘rnini undan 15 marotaba energiya tejamkor bo‘lgan 7 Vt quvvatli LED lampasi bosa oladi.
O‘zbekistondagi 7 million xonadon misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, birgina energiya tejamkor lampa o‘rnatilishi hisobiga bir yilda 156 mln. kVt.soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.
Ushbu bir dona energiya tejamkor lampa orqali tejalgan elektr energiyasi 1 045 ta xonadonning bir oylik isteʼmolini tashkil qiladi.
Ushbu tahlillar faqatgina bir dona lampa misolida olib borildi.
100 Vt quvvat isteʼmol qiladigan cho‘g‘lanma lampalar, arzon tannaxrda ishlab chiqarish vajida bo‘lsa kerak, juda sifatsiz va mavjud standartlarni chetlab o‘tgan holda ishlab chiqarilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xavfsizlik texnikasi va yong‘in xavfsizligi qoidalariga mutlaqo zid hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati