O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Energetika vaziri J.Mirzamahmudov tizim tashkilotlari va yoqilg‘i-energetika sohasida faoliyat yuritayotgan aksiyadorlik jamiyatlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning holati, mavjud muammolar va ularni hal etish masalalari yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.
Bunda, birinchi navbatda soha obyektlarini 2022/2023-yillar kuz-qish davriga to‘liq tayyorlash, isteʼmolchilarni energiya resusrlari bilan barqaror taʼminlash ishlarining bugungi kundagi holati muhokama qilindi. Yig‘ilishda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Xususan:
➖Energiya resurslari taʼminotini nazorat qiluvchi doimiy Shtab faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
➖Energetika vazirligi dispetcherlik markazi tomonidan tizim korxonalari dispetcherlik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni yo‘lga qo‘yish;
➖Mavsumda energiya resruslarini birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish. Bunda qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berilishi kafolatlanmagan isteʼmolchilarni tarmoqdan ajratish (issiqxona, g‘isht zavod, oxak sexi, umumiy ovqatlanish joylari va boshq.);
➖Ko‘cha chiroqlarini to‘liq quyosh panellari orqali yoritilishini taʼminlash bo‘yicha normativ hujjat tayyorlash, bunda yangi massivlar qirilishida alohida eʼtibor berish;
➖Tarmoqda nosozlik sabab kuzatilgan yoki kuzatilishi mumkin bo‘lgan uzilishlar to‘g‘risida hamda ularni bartaraf etilishi bo‘yicha aholini ogohlantirish;
➖Ijtimoiy soha obyektlari (maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shifoxonalar va h.k.)ning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini qayta nazoratdan o‘tkazish;
➖Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash tadbirlarini kuchaytirish;
➖Korxonalarni moliyalashtirish ishlarini yaxshilash va sohaga investitsiya kiritish ishlarini jadallashtirish;
➖Energiya tejamkorlik bo‘yicha barcha tizimlarda ishlarni olib borish.
Yig‘ilishda neft-gaz korxonalari tomonidan qazib chiqarish ko‘rsatkichlarining pasaytirib yuborilganligi qattiq tanqid qilindi hamda “O‘zbekneftgaz” AJga rejadagi ko‘rsatgichlarni yil oxiriga qadar to‘liq bajarish va choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanayotgan isteʼmolchilarni aniqlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, shu bilan birga ayrim xodimlarning bu holatlarga yo‘l qo‘yib berayotgani tanqid ostiga olindi. Bu esa, o‘z navbatida xalq mulki bo‘lgan tabiiy boyliklarni aholi xonadonlariga yetkazib berilishida o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatayotganligi alohida taʼkidlandi.
Shu bois, “O‘zneftgazinspeksiya”, “O‘zenergoinspeksiya”, “O‘ztransgaz”, “Hududgaztaʼminot”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJlari rahbarlariga elektr energiya va gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularni zudlik bilan tarmoqdan ajratib, rasmiylashtirilgan hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish ko‘rsatmasi berildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yana bir og‘riqli masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, aholi xonadonlarida har yili is gazidan zaharlanish holatlari uchrayotgani va ayrim hollarda insonlarning vafot etishi kechirib bo‘lmas holat ekanligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda, “Hududgaztaʼminot” AJga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berishda isteʼmolchilarga xavfsizlik qoidalarini, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarining taʼsirchanligini oshirish, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozimligi bo‘yicha alohida topshiriq berildi.
Respublikaning olis hududlarida sovuq kunlari gaz bosimining pasayib ketish hollari kuzatilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirig‘i berildi.
Kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida hududiy gaz taʼminoti korxonalarida 244 ta, elektr tarmoqlari korxonalarida 439 ta avariyaga qarshi brigada tashkil etilishi va ularni nosozliklarni tiklash zaxiralari bilan taʼminlash ishlarini joriy yilning 10 oktabrigacha to‘liq yakunlash belgilab berildi.
Yig‘ilishda kuz-qish davrida isteʼmolchilarga jami 30,6 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi yuzasidan topshiriq berildi. Shundan 10,4 mlrd kub metr hajmda aholi isteʼmolchilariga va 20,2 mlrd kub metri – iqtisodiyot tarmoqlariga yetkaziladi.
Suyultirilgan gaz taʼminoti tizimidagi 85 ta gaz to‘ldirish punkti hamda 1058 ta gaz tashuvchi va tarqatuvchi avtotransport vositasining doimiy texnik soz holatda bo‘lishini taʼminlash lozimligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga aholi isteʼmolchilarining ehtiyojidan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar 12,7 ming dona qo‘shimcha maishiy gaz balloni yetkazib berish lozimligi belgilandi.
Shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq (ovul)larda ko‘mir, suyultirilgan gaz zaxirasini yaratishda 447 ta mahalla (ovul) fuqarolar yig‘inidagi 168 mingdan ziyod xonadonga 10 693 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishini taʼminlash choralari ko‘riladi.
Qish mavsumida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘mir taʼminoti bo‘yicha aholining noroziligi uchrab turishi, ayniqsa yetkazib berilayotgan ko‘mirning sifat darajasi pastligi tanqid qilindi. Shu maqsadda ko‘mir mahsulotining sifatiga alohida eʼtibor berish lozimligi, isteʼmolchilarga mahsulotni saqlash qoidalari va foydalanish yuzasidan ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralarni tushuntirish lozimligi taʼkidlandi.
2022-yil yanvar-sentabr oylarida ko‘mir sanoati korxonalari tomonidan 3 mln 882 ming tonna (99%) ko‘mir mahsulotlari qazib chiqarilib, 14 mln 329 ming kub metr (53%) kon ustini ochish ishlari bajarilgan xolos. Ushbu ishlarni jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
15-sentabrdan boshlab bugungi kungacha aholi isteʼmolchilariga 144 ming tonna (16%) ko‘mir mahsuloti yetkazib berilgan. Yil yakuniga qadar 882 ming tonna ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qayd etildiki, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini taʼmirlashda amalga oshirilgan ishlarga qaramay, taʼminotda uzilishlar kuzatilayotgani, buning natijasida isteʼmolchilarning haqli eʼtirozlari yuzaga kelmoqda.
Shu bois, isteʼmolchilarga elektr energiyasini barqaror yetkazib berish maqsadida joriy yil yakuniga qadar 11 ta magistral podstansiya modernizatsiya qilinib, ularning quvvatini 1 616 MVAga, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini esa 1 515 MVtga oshirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish lozimligi taʼkidlandi.
Kuz-qish davrida respublika isteʼmolchilariga jami 34 mlrd 918 mln kilovatt-soat (o‘tgan kuz-qish mavsumiga nisbatan 2 mlrd 540 mln kilovatt-soatga ko‘p) elektr energiyasi yetkazib berilishi yuzasidan topshiriq berildi. Mavsum davomida aholiga 10 mlrd 938 mln kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Yig‘ilishda masʼul rahbarlarga bundan keyin ijro intizomini mustahkamlash va hujjatlar ijrosi nazoratiga jiddiy eʼtibor qaratish, bu borada, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan hujjatlardagi topshiriqlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.
Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan masʼullarning hisobotlari eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati