Bugun, 12-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasinida O‘zbekiston Energetika vazirligi masʼullari ishtirokida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va energiya samaradorligini oshirish” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Energetika vazirligi masʼullari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda “yashil” iqtisodiyot, xususan “yashil” energetikani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bo‘yicha dadil qadam tashlandi.
Xususan, 3,5 yil ichida umumiy quvvati 2 897 megavattga teng bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 10 ta bitim imzolandi. Ushbu loyihalarni amalga shirilishini taʼminlash yuzasidan Prezidentimiz tomonidan 10 ta qaror imzolandi.
Ushbu loyihalarning umumiy qiymati qariyb 3 milliard AQSH dollarni tashkil etib, ularning barchasi xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi.
Olib borilgan ishlar natijasida 2021 yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida birinchi 100 megavatt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. 2022 yilning may oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida ham xuddi shunday ikkinchi stansiya ishga tushirildi.
Shuningdek, 2023-2024 yil yillarda umumiy quvvati 1 197 megavatt bo‘lgan 5 ta, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak, Surxondaryo viloyatining Sherobod, Jizzax viloyatining G‘allaorol, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Navoiy viloyatining Nurota tumanlarida ham quyosh va shamol elektr stansiyalari foydalanishga topshiriladi.
2024-2025-yillarda Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida hamda Navoiy viloyatining Tomdi tumanida har birining quvvati 500 megavattdan bo‘lgan 3 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Taʼkidlash kerakki, tizimli ishlar natijasida 2026-yilga borib O‘zbekistonda umumiy quvvati 8 000 megavattga teng bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari, 868 megavatt quvvatga ega gidroelektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Hozirda O‘zbekistonda umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 3 ta tender tanlovlari davom etyapti.
Birinchisi, Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari;
Ikkinchisi, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 300 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlovchi tizimlar;
Uchinchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender tanlovlarimiz davom etayapti.
Joriy yil oxiri va keyingi yil boshlarida mazkur 3 ta tanlov yakunlanadi va investorlar aniqlanadi.
Yangi loyihalar bo‘yicha ham yer maydonlarini o‘rganilyapti. Masalan, hozir Farg‘ona viloyatida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiya qurish bo‘yicha, Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida gibrit usulidagi innovatsion yirik quvvatli quyosh va shamol energiyasidan foydalangan holda stansiya qurish bo‘yicha juda ham murakkab tahlillar olib borilmoqda.
Sohada yana bir tarixiy qadam tashlashdi
1. O‘zbekiston tarixida birinchi marta aholi xonadonida o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
2. Davlat tomonidan xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatishda jismoniy shaxslarga bir qator imtiyozlar joriy qilinmoqda.
Jismoniy shaxslar quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini onlayn sotib olish uchun platforma ishga tushirildi.
Ushbu qurilmalarni ikki xil usulda xarid qilish mumkin. Birinchisi, 3 yil muddatda foizsiz (0%) bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish mumkin. Ikkinchisi, to‘liq sotib olganda isteʼmolchiga quvvatiga qarab davlat tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
Seminar yakunida depututlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javoblar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati