Bugun, 19-oktabr kuni, “Inno-Week” xalqaro innovatsion g‘oyalar xaftaligi doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining Energetika va infratuzilma vazirligi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Anglashuv memorandumi vodorod va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohalarida texnologiya, tajriba, axborot va inson resurslarini almashish orqali tomonlarning o‘zaro manfaatlarini rag‘batlantirishga qaratilgan. Memorandum, shuningdek, ekologik toza energiyaga o‘tish, vodorod va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohalarida qo‘shma ilmiy va innovatsion loyihalar doirasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
“Ushbu Memorandum, ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillar davomida rivojlanib kelayotgan umumiy aloqalarni qo‘llab quvvatlash va keyingi bosqichga olib chiqishiga, bunda, butunjahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yashil iqtisodiyotga o‘tish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda ko‘mak bo‘lishiga ishonamiz”, - deydi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev.
Memorandum doirasida Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutining Vodorod markazini rivojlantirish choralari ko‘riladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati