Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida Turkiyaning “Cengiz Enerji” kompaniyasi tomonidan qurilgan, quvvati 220 MVt bo‘lgan yangi gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi bugun, 20 noyabr kuni soat 10:22da O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi.
Mazkur elektr stansiya yiliga 1,7 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Stansiyada o‘rnatilgan qurilmalarning foydali ish koeffitsienti yuqoriligi hisobiga yiliga 150 mln metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz bilan qo‘shimcha 685 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Ahamiyatlisi, stansiya qurilishi davomida 700 nafargacha, ishga tushgandan keyin esa 100 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29-mart kuni O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari tomonidan mazkur elektr stansiya qurilishiga start berilgan edi.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati