Xabar berganimizdek, O‘zbekistonda 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovi g‘oliblari aniqlandi.
Haqiqatdan ham, Namangan viloyatida 150 MVt quvvatli loyiha uchun “GD Power – Powerchina” konsorsiumi (Xitoy) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,828 AQSH sentida yetkazib berish taklifi qimmat hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Energetika vazirligi ushbu taklifni juda qimmat deb hisoblaydi va ushbu loyiha bo‘yicha tarifni optimallashtirish yuzasidan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur loyihani amalga oshirishda elektr energiyasi tarifini kamaytirish choralari ko‘riladi va stansiyaning qurilishida xavfsizlik tomonlariga alohida e’tibor beriladi.
Ushbu loyiha bo‘yicha o‘tkaziladigan muzokaralar natijasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati