
Kecha, 20-dekabr kuni elektr stansiyalar orqali 230,6 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika isteʼmolchilariga 225,3 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 151,9 mln kub metr tabiiy gaz va 1,9 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 10,9 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Taʼminotdagi uzilishlar bo‘yicha isteʼmolchilardan 143 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Barcha hududlarda gaz taʼminoti barqarorlashgan. Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushgan 141 ta murojaat bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borildi.
Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 532 ta, gaz taʼminoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha brigadalar tashkil etilgan.
Shu o‘rinda isteʼmolchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.
Hurmatli isteʼmolchilar, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi (@HET_admin) administratorga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.
