Kecha, 24-dekabr kuni elektr stansiyalar orqali 238,7 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika isteʼmolchilariga 228,7 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 156,3 mln kub metr tabiiy gaz va 1,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 9,0 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Taʼminotdagi uzilishlar bo‘yicha isteʼmolchilardan 145 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Ta’mirlash ishlari sababli Shayxontohur va Uchtepa tumanlarining ba’zi joylarida soat 10:00 dan 18:00 ga qadar tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi. Ta'mirlash ishlari yakuniga yetgach tabiiy gaz ta'minoti qayta tiklandi.
Shuningdek, gaz quvurlarida bosimning meʼyordan pastligi sababli Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Piskent, Yangiyo‘l, Zangiota, Bo‘ka va Chinoz tumanlarining ayrim xonadonlarida gaz yetib borishida uzilishlar kuzatilgan. Qolgan barcha hududlarda gaz taʼminoti barqarorlashgan.
Isteʼmolchilardan 210 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 532 ta, gaz taʼminoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha brigadalar tashkil etilgan.
Shu o‘rinda isteʼmolchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.
Hurmatli isteʼmolchilar, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi (@HET_admin) administratorga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.