Kecha, 3-yanvar kuni elektr stansiyalar orqali 236,1 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika isteʼmolchilariga 226,1 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 158,2 mln kub metr tabiiy gaz va 1,4 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 5,0 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Andijon, Navoiy, Jizzax, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Xususan:
Andijon viloyatining Marhamat, Buloqboshi va Asaka tumanlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan va maxsus brigadalar tomonidan tez fursat ichida nosozlik bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklandi.
Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlarida kuzatilayotgan kuchli shamol natijasida elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelgan. Buning natijasida Jizzax viloyatining Forish, Zafarobod va Sh.Rashidov, Navoiy viloyatining Nurota, Tomdi va Uchquduq, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Pastdarg‘om tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Maxsus brigadalar tomonidan uzilgan tarmoqlar to‘liq ulanib, hududlarning elektr ta’minoti bosqichma-bosqich qayta tiklanlanmoqda.
Farg‘ona viloyatining Yozyovon va Toshloq tumanlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik tufayli ushbu hududlarda elektr ta’minotida favqulodda avariyali uzilish sodir bo'ldi. Nosozlik maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi va ushbu hududlar qayta tarmoqqa ulandi.
Elektr taʼminoti bo‘yicha isteʼmolchilardan 42 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz bo‘yicha isteʼmolchilardan 79 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 532 ta, gaz taʼminoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha brigadalar tashkil etilgan.
Shu o‘rinda isteʼmolchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.
Hurmatli isteʼmolchilar, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi (@HET_admin) administratorga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.