Kecha, 8-yanvar kuni elektr stansiyalar orqali 230,8 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika isteʼmolchilariga 221,1 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 150,6 mln kub metr tabiiy gaz va 1,5 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 6,9 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Vodiy viloyatlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.
Kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Andijon viloyatining Xo‘jaobod, Paxtaobod, Buloqboshi, Asaka tumanlari va Andijon shahri, shuningdek, Namangan viloyatining Uychi tumani hamda Farg‘ona viloyatining Toshloq, Qo‘shtepa, Rishton, Oltiariq tumanlari va Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari iste'molchilarining bir qismi elektr tarmog‘idan uzilgan. Maxsus brigadalar tomonidan nosozliklar bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklandi.
Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Taʼminotdagi uzilishlar bo‘yicha isteʼmolchilardan 36 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz bo‘yicha isteʼmolchilardan 45 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 532 ta, gaz taʼminoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha brigadalar tashkil etilgan.
Shu o‘rinda isteʼmolchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.
Hurmatli isteʼmolchilar, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi (@HET_admin) administratorga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.
