Kecha, 10-yanvar kuni elektr stansiyalar orqali 234,8 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika isteʼmolchilariga 226,5 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 161,8 mln kub metr tabiiy gaz va 2,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 6,9 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Hudular bo‘ylab kuchli qor yog‘ishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuzaga kelgan nosozliklar energetiklar tomonidan bataraf etib borildi.
Misol uchun, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida shikastlanish yuzaga kelishi natijasida aholi yashash xonadonlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Maxsus brigadalar tomonidan nosozliklar bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklandi.
Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Taʼminotdagi uzilishlar bo‘yicha isteʼmolchilardan 195 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Toshkent viloyatining Pskent, Yangiyo‘l va Toshkent tumanlarining ayrim xonadonlarida gaz yetib borishida uzilishlar kuzatilgan.
Tabiiy va suyultirilgan gaz bo‘yicha isteʼmolchilardan 167 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etilgan. Ular muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlamoqdalar.
Shu o‘rinda isteʼmolchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.
Iste’molchilar elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @HET_admin administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmoqdagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot “Telegram” botga murojaat qilishlari mumkin.