Respublika bo‘yicha anomal sovuq harorat davom etayotganligi sababli quvurlarda gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Shu maqsadda, ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirildi hamda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, ortadigan talabni to‘liq qondirish maqsadida avtobenzin va dizel yoqilg‘isi mahsulotlari qo‘shimcha miqdorlarda sotuvga chiqariladi, shu jumladan zaxiralar hisobidan.
Hurmatli vatandoshlar, havo harorati keskin sovigan shu kunlarda imkon qadar jamoat transportlaridan foydalanishingizni, zarurat bo‘lmaganda uyda qolishingizni hamda xonadoningizda elektr energiyasi va tabiiy gazdan tejamkorlik bilan foydalanishingizni iltimos qilamiz.
Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.