Energetika vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Adiba” MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Xususan, ushbu shoxobcha haqiqiy iste’mol qilgan elektr energiyasi sarfini yashirib, oylik hisobotlarni kamaytirib ko‘rsatib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, shoxobcha o‘ziga tegishli transformatorni o‘zboshimchalik bilan (elektr ta’minoti korxonasi bilan kelishmasdan) almashtirganligi aniqlandi. Buning natijasida hisobga olinmagan elektr energiyasi bo‘yicha 752 mln so‘m miqdorida qayta-hisob amalga oshirildi.
Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 8,3 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.
Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.