
Assalomu alaykum!
Kecha, 16-yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
Kecha, 16-yanvar kuni elektr stansiyalar orqali 225 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Respublika iste’molchilariga 227 mln 300 ming kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Shuningdek, gaz ta’minoti korxonalari tomonidan iste’molchilarga 140 mln kub metr tabiiy gaz va 2 ming 100 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Iste’molchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 7 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etib borilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida kecha kun davomida tarmoqlarda yuzaga kelgan 700 ta nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Zarur chora sifatida respublikamizning ayrim hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Ta’minotdagi uzilishlar bo‘yicha iste’molchilardan 1 161 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelayotgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etilmoqda.
Hududlarda gaz bosimining pastligi sababli ayrim xonadonlarni tabiiy gaz bilan ta’minlash imkoniyati bo‘lmadi. Xususan, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Navoiy, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining ayrim xonadonlarida gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.
Tabiiy va suyultirilgan gaz bo‘yicha iste’molchilardan 716 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Gaz tarmoqlarida avariyalar tufayli ta’mirlash ishlari iste’molchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining mas’ul xodimlari hududlarga safarbar etilgan, iste’molchilarni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va kuzatilayotgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1 000 dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, ular joylarda muammolar tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlamoqdalar.
Shu o‘rinda iste’molchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @HET_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot “Telegram” botga murojaat qilishingiz mumkin.
