Assalomu alaykum!
Kecha, 24-yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
24-yanvar kuni elektr stansiyalar orqali 228 mln 600 ming kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Respublika iste’molchilariga 229 mln 200 ming kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Shuningdek, gaz ta’minoti korxonalari tomonidan iste’molchilarga 148 mln kub metr tabiiy gaz va 2000 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Hozirda hududlarda 3 600 tonna suyultirilgan gaz hamda 23 500 dona gaz ballonlari zahirasi mavjud.
Iste’molchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 3000 tonna mahalliy ko‘mir hududlardagi omborlariga ortib yuborildi.
Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etib borilmoqda.
Zarur chora sifatida respublikamizning ayrim hududlarida elektr ta’minotida bir yarim soatdan ikki soatgacha cheklovlar kiritildi.
Elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha iste’molchilardan 892 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarga asosan tarmoqlarda yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etilmoqda.
Ko‘rilgan choralar natijasida elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklarning 90 foizini bartaraf etishga erishildi.
Gaz tarmoqlarida tabiiy gaz bosimi ko‘tarilishi natijasi 1 kunda 65 ta mahalladagi 22 716 ta xonadonning tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi.
Bugungi kunda Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrining ayrim xonadonlarida gaz bosimini me’yorga keltirish ishlari davom ettirilmoqda.
Gaz tarmoqlarida sodir bo‘layotgan avariyalarni bartaraf etish ishlari iste’molchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining mas’ul xodimlari hududlarga safarbar etilgan bo‘lib, iste’molchilarni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va kuzatilayotgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1 000 dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, ular joylarda muammolar tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlamoqdalar.
Shu o‘rinda iste’molchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @HET_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot “Telegram” botga murojaat qilishingiz mumkin.