Joriy yilning 10-24-yanvar kunlarida Energetika vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 300 ta holatda ayrim tadbirkorlik subyektlari va iste’molchilar tomonidan 4,5 mln kVt-soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi.
Xususan, Surxondaryo viloyatidagi “Mashhura Tort Angor” MChJ, Andijon viloyatidagi “Oq yor sauna” OK hamda Qoraqolpog‘iston Respublikasidagi “Cake bumer” MChJlar kabi maishiy xizmat ko‘rsatuvchi bir qator korxonalar tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Buning natijasida energetika tizimiga jami 2,1 mlrd so‘m miqdorida zarar keltirilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 22 ming 500 ta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan iste’molchilarning elektr qurilmalari tarmoqdan ajratilib, holat bo‘yicha tegishli choralar qo‘llash uchun rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmoqda.
Hududlarda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.