2022-yilda yurtimizda umumiy quvvati 1374 megavatt bo‘lgan 6 ta issiqlik va quvvati 100 megavatt bo‘lgan 1 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Xususan:
➖Buxoro viloyatining Buxoro tumanida quvvati 270 megavatt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;
➖Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 megavatt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi;
➖Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida quvvati 174 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi;
➖Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 230 megavatt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;
➖Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 megavatt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi;
➖Samarqand viloyatining Nuborod tumanida quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
➖Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida quvvati 220 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Ushbu 7 ta elektr stansiya yiliga 11 milliard 300 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 1 milliard 503 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Stansiyalar qurilishi davomida 3 960 nafar ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, ular ishga tushishi natijasida 545 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.
Quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tender tanlovlari
1. O‘zbekistonda umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovida g‘olib bo‘lgan kopmaniyalar aniqlandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Buxoro viloyatida 150 MVt, Namangan viloyatida 150 MVt va Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyalari quriladi. Stansiyalar qurilishi 2024 yilda boshlanadi va 2025 yilda ishga tushiriladi.
2. Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 2 00 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender tanlovlari davom etmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilishda imkoniyatlar yaratildi
Prezidentimizning 2022-yil 9-sentabardagi PF-220-son farmoniga asosan energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qator imkoniyatlar yaratildi. Ushbu qurilmalar uchun berilgan imtiyoz va afzalliklar:
➖Quyosh panellarini uydan chiqmagan holda onlayn xarid qilish imkoniyati yaratildi. Buning uchun https://energymarket.uz/ platformasiga kirib, xohlagan kompaniyadan, xohlagan quvvatdagi qurilmalarga buyurtma berish mumkin.
➖Jismoniy shaxslar quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini 3 yil muddatga foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishlari mumkin. Bunda, 5 kilovattgacha bo‘lgan qismiga bo‘lib-bo‘lib to‘lash (rassrochka) imtiyozlari beriladi.
➖Fuqarolar tomonidan qurilmalarni to‘liq xarid qilinganda quyosh panellari xarajatlarinnig 6 mln so‘mgacha va quyosh suv isitish qurilmalarining 2,1 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi Energiyani tejash jamg‘marmasi tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
➖Ushbu qurilmalarni o‘rnatganingizdan so‘ng, elektr ta’minoti korxonasi bilan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolashingiz mumkin.
➖Agar xonadoningizga 5 kVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasini o‘rnatsangiz, bu sizga o‘rtacha 50 mln so‘mga tushadi va u bugungi kundagi tarif bilan hisoblaganda 9 yilda o‘zini qoplaydi. Keyingi 11 yil quyosh stansiyasidan chiqqan elektr energiyasiga pul to‘lamaysiz.
➖Xonadoningizda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotib daromad olishingiz mumkin. Bunda tadbirkorlik faoliyati deb hisoblanmaydi va hech qanday soliq to‘lamaysiz.
➖ Qurilmalarni o‘rnatgan va to‘liq ushbu qurilmadan xonadonini elektr energiyasi bilan ta’minlagan (o‘rnatilgan yer maydoni uchun) jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik sub’ektlari esa 10 yil davomida yer va mulk solig‘idan ozod bo‘ladilar.
➖Elektr ta’minoti korxonasi xonadon egasidan elektr energiyasining 1 kVt-soatini amaldagi tarif bo‘yicha o‘rtacha 1000 so‘mdan sotib oladi. Ma’lumot uchun elektr ta’minoti korxonasi aholiga 295 so‘mdan sotadi.
➖Elektr ta’minoti korxonasiga sotgan elektr energiyangizni korxona sizning hisob raqamingizga to‘lab beradi.
➖Hozirgi o‘rnatilgan zamonaviy elektr hisoblagichlar ikki tomonlama hisoblaydi. Ya’ni, xonadoningizda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini elektr ta’minoti korxonasiga sotganingiz va elektr ta’minoti korxonasidan olganingizni hisoblab beradi.
➖Bu boradagi barcha jarayonlarni (quyosh panelingiz orqali ishlab chiqarish, soatlik, kunlik, oylik iste’molingiz, ortiqchasini tarmoqqa uzatayotganingiz, qabul qilganingiz va boshqalar) qo‘l telefoningizdagi maxsus ilova orqali onlayn ko‘rib borishingiz mumkin.
➖Quvvati 100 kVt va undan ortiq bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatganlik uchun mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan o‘n yil muddatga ozod etiladi.
➖2024 yil 1 yanvarga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etish uchun tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import qilinadigan asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va boshqa materiallar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilgan.
Energetika vazirligi binosida 240 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi
Mazkur elektr stansiya orqali yiliga 432 ming kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va natijada 144 ming kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ahamiyatlisi, ushbu stansiya kunduz kuni vazirlik binosini elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlaydi. Shuningdek, elektr energiyasining ortgan qismini hududiy elektr ta’minoti korxonasiga uzatish imkoniyati ham yaratildi.
Davlat idoralari va tashkilotlarida yashil energetika rivojlanmoqda
2022-yilda Vazirlik, idora va mahalliy hokimlik bino-inshootlarida umumiy quvvati 49 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi.
Shu bilan birga umumiy hajmi 733 ming litr bo‘lgan quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi.
Elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi oshirildi
2022-yilning yanvar-dekabr oylari davomida respublikamizda jami 74,3 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 mlrd kVt-soatga yoki 4,2 foizga ko‘pni tashkil qildi.
Elektr energiyasini yetkazib berish hajmi oshirildi
2022-yilning yanvar-dekabr oylarida respublika iste’molchilariga 62,4 mlrd kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 mlrd kVt-soatga yoki 5,5 foizga ko‘pni tashkil qildi.
2022/2023-kuz-qish davrida respublika iste’molchilariga jami 34 mlrd 565 mln kVt-soat (o‘tgan kuz-qish mavsumiga nisbatan 2 mlrd 254 mln kVt-soatga ko‘p) elektr energiyasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Mavsum davomida aholiga 10 mlrd 759 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Elektr tarmoqlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari
Ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste’molchilarga sifatli yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida hududlarda 125,0 km uzunlikdagi magistral elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta podstansiya qurildi.
Yuqori kuchlanishli 9 ta podstansiya modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 1 241 megavolt amperga oshirildi. Shuningdek, 5 ming kilometrdan ziyod elektr uzatish tarmoqlari va 1113 ta transformator punkti yangilandi.
Gaz va ko‘mir ta’minoti
Respublika bo‘yicha 54,9 km magistral gaz quvurlari va 17 ta gaz taqsimlash stansiyasi rekonstruksiya qilindi, 2 200 km magistral quvurlar texnik diagnostikadan o‘tkazildi.
Shuningdek, 50,7 km gaz tarmoqlari mukammal va joriy ta’mirlanib, rekonstruksiya qilindi, 299 ta gaz taqsimlash punkti rekonstruksiya qilinib, 69,8 mingtasi texnik taftishdan o‘tkazildi.
Jami 51,6 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarildi. Suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish 2 922,1 ming tonnani, shundan neft 789,3 ming tonna va kondensat 2 132,8 ming tonnani tashkil etdi.
871,7 ming tonna suyultirilgan gaz, 1 254,6 ming tonna avtobenzin, 800 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 110,1 ming tonna mazut, 423,2 ming tonna polietilen, 83,7 ming tonna polipropilen ishlab chiqarildi.
2022-yilda respublika iste’molchilariga 37,7 mlrd kub metr, shundan aholiga 9,3 mlrd kub metr tabiiy gaz, 69,5 mlrd kVt-soat, shundan aholiga 15,3 mlrd kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Aholi iste’molchilari va ijtimoiy soha uchun 559,2 ming tonna suyultirilgan gaz hamda 1 412,3 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi.
Investitsiya
Investitsiya dasturi doirasida 3 647,1 mln dollar hajmda, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 2 470 mln dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Aqlli gaz hisoblagichlar o‘rnatildi
Tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi.
Ya’ni O‘zbekistondagi 3,5 milliondan ortiq aholi iste’molchilariga tabiiy gaz hisoblagichlarini o‘rnatish ishlari olib borildi.
Natijada bugungi kunda gaz ta’minoti korxonalarida “onlayn” rejimda masofadan nazorat qilish va to‘lovlarni oldindan amalga oshirish (“prepay”) tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Yangi ish o‘rinlari
Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida jami 1084 ta (neft-gaz – 352 ta, elektr energetika – 732 ta) yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati