Xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Peshku va Gʻijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Shamol elektr stansiyalar uchun Xitoydan shamol generator va turbinalar maxsus transport vositalari orqali olib kelinmoqda.
Xitoyning “Envision” kompaniyasi tomonidan ushbu stansiyalar uchun 158 ta turbina yetkazib beriladi.
Mazkur elektr stansiyalar 2024-yil yakunida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Stansiyalar to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 3,6 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1,1 mlrd metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi va atmosferaga 1 mln tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yirik loyihalar Prezidentimizning 2021-yil 23-fevraldagi 5001 va 5003-son qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati