Joriy yilning 28-aprel kuni ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi Ijrochi kotibi Olga Algaerova xonim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda J.Mirzamahmudov yurtimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, shuningdek, vodorod energetikasini rivojlantirish, energiya tejamkorlik kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan:
➖Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Resurslarning asosli tasnifi (UNFC) bilan tanishish va BMTning Resurslarni boshqarish tizimini (UNRMS) ishlab chiqishda O‘zbekiston ekspertlarini jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganish.
Olga Algaerova xonim bugungi kunda dunyoning 56 mamlakati UNFC dasturlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etayotganini ta’kidladi.
➖Qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun qazilma noyob metallarni qazib olish va ishlab chiqarish. Unga ko‘ra, bugungi kunda jahon bozorida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga talab sezilarli darajada ortib borayotgan paytda ularni ishlab chiqarish uchun metall taqchilligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun metall resurslardan samarali foydalanish dolzarb masalalardan biri bo‘lmoqda.
Uchrashuv yakunida Olga Algaerova xonim yuqoridagi ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspertlarni dastur bilan batafsil tanishish uchun Shveysariyaning Jeneva shahriga taklif qildi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati