Jumladan, elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida ijtimoiy soha va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy viloyatlari ancha orqada.
Tumanlar kesimida Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Nukus, Beruniy, Bekobod, Parkent, Piskent, Qiziltepa, Guliston, Sirdaryo, Arnasoy, Bag‘dod, Furqat, Termiz, Oltinko‘lda ishlar ahvoli qoniqarli emas.
Tadbirkorlar bilan ishlash ahvoli ham birorta hududda talab darajasida emas. Ular tomonidan 790 megavatt quvvat yaratish reja qilingan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar bor-yo‘g‘i 50 megavattli quvvatlar ishga tushgan.
Tumanlar kesimida Sayxunobod, Kogon, Jondor, Mirzaobod, Sharof Rashidov, Paxtakor, Yangiariq tumanlari, Yangiyer, Urganch shaharlari hokimlari masalaning ichiga kirmagan. Ushbu tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilishi, ikki oyda o‘zgarish qilmasa, ishdan ketishi belgilandi.
Ayrim hokimlar oson yo‘lni tanlab, qo‘yilgan vazifani tayyor byudjet mablag‘lari hisobidan bajarishga o‘rganib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.