O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi ikkinchi kuni doirasida qator ishbilarmonlik tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari XXR Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen hamrohligida shu kunlarda Sian shahrida o‘tayotgan O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.
Delegatsiyalar ikki mamlakatning sanoat, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalaridagi kooperatsiyasiga bag‘ishlangan stendlarni ko‘zdan kechirdi. O‘zaro manfaatli sheriklik natijalari va rejalari, erishilgan yangi kelishuvlar, O‘zbekistonda amalga oshirish uchun tashrif arafasida maxsus ishlab chiqilgan istiqbolli investitsiya loyihalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Ko‘rgazma doirasida Sian shahri hamda Sirdaryo, Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlari o‘rtasidagi teleko‘prik orqali yangi qo‘shma loyihalarni tantanali ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, jami 3,3 milliard dollarlik 15 ta loyihani - avtomobil va elektromobillar, qurilish materiallari, metalldan keng turdagi mahsulotlar, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirdi va yangi korxonalar qurilishiga start berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Xitoy ishbilarmon, moliya va investitsiya doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda XXR Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen, Xitoy Kompartiyasining Shensi muzofoti partqo‘mi kotibi Chjao Ide, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun, Xitoy xalqaro savdoga ko‘maklashish kengashi raisi Ren Xonbin hamda Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi, Xitoy milliy kimyo-injiniring kompaniyasi, “China CAMC Engineering”, “BYD Auto Industry”, “Sungrow Power Supply”, “China North Industries Corporation”, “Xinjiang Hualing Group”, “China Aerospace Science and Industry Corporation”, “Huawei Technologies”, Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbanki kabi 100 dan ortiq yirik kompaniya, korporatsiya, banklar, tijorat va moliyaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari davra suhbati shaklida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilarini samimiy qutlab, ushbu uchrashuv Xitoyning iqtisodiy markazlaridan birida, ko‘p asrlar avval Buyuk Ipak yo‘lini boshlab bergan qadim Sian shahrida o‘tayotgani ramzi ma’noga ega ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston Prezidenti keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikda misli ko‘rilmagan darajaga erishilganini alohida ta’kidladi. O‘zaro tovar ayirboshlash ikki karra oshib, 9 milliard dollarni tashkil etgani qayd etildi. O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi ilk bor 11 milliard dollarga yaqinlashdi.
Bugun mamlakatimizda Xitoy sarmoyasi ishtirokida 1,7 mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Energetika, neft-gaz, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda qator yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha XXR Raisi Si Szinpin bilan o‘tgan muzokaralar sermahsul bo‘lgani, ular davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatdan foydalanish, O‘zbekiston bozorida Xitoy kompaniyalari uchun qulay sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidentining tashrifi doirasida qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlari ham muvaffaqiyatli o‘tkazilgani qayd etildi.
Jumladan, energetika, kimyo, metallurgiya, geologiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 25 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi yuqori texnologik sanoat, savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
«Bularning barchasi O‘zbekiston-Xitoy kooperatsiyasining yaqqol yutuqlaridan, o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga tomonlarning qiziqishi katta ekanidan dalolat», – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarining e’tiborini mamlakatimizdagi investitsiya muhiti tubdan yaxshilangani, investorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratilganiga qaratdi.
O‘zbekistonda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va keyinchalik uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada “yashil” energetika, kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash va boshqa tarmoqlar ayniqsa istiqbolli ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Xitoy biznesini zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi va barqaror bozor bilan bilan ta’minlashga, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, loyihalarni birgalikda moliyalashtirishga tayyorligini bildirib, xitoylik ishbilarmonlarni ushbu noyob imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.
Fikr almashish chog‘ida Xitoy korporatsiyalari, kompaniya va banklari rahbarlari O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qat’iy intilishini aytdi. Ustuvor sohalarda, ayniqsa yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil etishda amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbarlariga uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni shaxsiy nazoratga olish hamda ularni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlari va aniq muddatlari ko‘rsatilgan tegishli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishni topshirdi.