Markaziy Osiyo – Yoz endigina boshlandi, ammo issiq toʻlqinlar allaqachon jahon rekordlarini yangilab, Kanadadan Xitoygacha boʻlgan shimoliy yarimsharda yuzlab odamlarni halok qilmoqda. Iyun gʻayrioddiy tarzda falokatlarga boy boʻldi. Olimlar esa iqlim oʻzgarishlariga inson aybdor, deyishmoqda.
Iliq qish va quruq bahordan keyin yoz hech qanday yengillik keltirmayapti. Va bu kelgusi bir yoki ikki yil ichida sayyoradagi haroratni butunlay oshiradigan, Tinch okeanida yuzaga keladigan El-Ninyo hodisasining toʻliq namoyon boʻlishidan oldin yuz bermoqda.
Odatda, qattiq jazirama, yongʻin va qurgʻoqchilik shimoliy yarimsharga yozning ikkinchi yarmida, avgust oyi arafalarida keladi. Umuman olganda esa, yalpi isish sayyoramizda fevral-mart oylarida eng koʻp kuzatiladi.
Ammo bu yil umuman boshqacha
Iyun Yevropa, Amerika va Osiyoda gʻayrioddiy issiq boʻldi. Va yakuniy natijalar hali chiqmagan boʻlsa-da, dastlabki xulosalar olimlarning 2023-yil issiq harorat boʻyicha barcha rekordlarni yangilashi va tarixdagi eng issiq boʻlgan soʻnggi 8 yilning qaygʻuli anʼanalarini davom ettirishi xavfi haqidagi prognozlarini tasdiqlaydi.
Sayyoramizning isishi munosabati bilan tabiiy ofatlar tobora koʻpayyapti, ularning zarari esa falokatlar sabablariga qarshi kurashish va yangi turmush sharoitlariga moslashishga sarflanadigan mablagʻlar bilan birga ortib bormoqda. Issiqlik odamlarni nobud qiladi, energiya va migratsiya inqirozini kuchaytiradi.
Hatto tabiat ham oʻzgarmoqda. Allaqachon Yevropaning 13 davlatida “denge” isitmasi va “chikungun” virusini tashuvchi chivinlar “ildiz otgan”. Yevropa Ittifoqining yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi (ECDC) tomonidan yaqinda oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, bundan oʻn yil avval bu kabi mamlakatlar bor-yoʻgʻi sakkizta boʻlgan.
“Yevropada isish tendensiyasi kuzatilmoqda: anomal issiqlik va toshqinlar tez-tez hamda kuchliroq boʻlib, yoz uzoqroq va issiqroq boʻladi. Bu esa invaziv chivin turlari uchun qulay sharoit yaratadi”, deya ogohlantirdi olimlar.
Vaqtidan ilgari bir yarim daraja
Yalpi isishni toʻxtatish uchun dunyoning deyarli barcha davlatlari atmosferaga issiqxona gazlari chiqarishni kamaytirishga kelishib oldilar. 2015-yilda imzolangan Parij kelishuvining maqsadi sayyoramizni sanoatdan oldingi darajaga qadar 2°S dan, hatto undan ham yaxshiroq – 1,5°S ichida isishining oldini olish hisoblanadi.
Sayyoramizdagi oʻrtacha yillik harorat allaqachon odatdagidan 1,2°S daraja yuqori va iyun oyida bu koʻrsatkich bir yarim darajaga yetdi. Bu avval ham sodir boʻlgan va bunday tebranishlar iqlimdan koʻra koʻproq ob-havo bilan bogʻliq. Biroq, ayni holat meteorologlarni koʻproq xavotirga soldi.
Gap shundaki, bu kabi ortiqcha bir yarim darajagacha isish Yevropa issiq qishida – 2016-yil fevral va mart oylarida (tarixdagi eng issiq) hamda Parijda iqlim boʻyicha muhim kelishuv imzolangan 2015-yil dekabrida yuz bergandi. Yozda esa bu bir yarim darajali chegara odatda butunlay xavfsiz edi.
“2023-yil iyun oyining issiq bilan boshlanishi – bu qoidadan istisno edi”, deya xavotir bildirdi Yevropa Ittifoqining Kopernik markazida iqlim oʻzgarishini kuzatuvchi olimlari.
“2023-yil iyun oyining birinchi kunlaridagi global oʻrtacha havo harorati kuzatuv rekordini sezilarli farq bilan yangiladi. Bu esa may oyidan keyingi misli koʻrilmagan issiq harorat”, deb yozadi ular.
May oyi rekordlar boʻyicha ikkinchi eng issiq harorat boʻldi va bu eng yuqori nuqtadagidan atigi 0,1°C past. Bu esa Yevropada bahor sovuq va yomgʻirli boʻlgan, Avstraliyayu Osiyoda – Hindistondan to Sibirgacha odatdagidan ancha salqinroq kelgan bir paytda kuzatildi. Ammo Amerika, Afrika hamda Janubi-Sharqiy Osiyoda kutilmagan jazirama toʻlqini “mavj urdi”.
Muammolar faqat quruqlikda emas. Ikkala qutbdagi muz qoplami erib bormoqda va iyun oyida Tinch okeanining yuzasi yilning shu davri uchun odatdagidan 0,2 darajaga issiqroq boʻlib chiqdi – bu aprel va may oylaridagi harorat rekordlaridan keyin.
U yogʻiga esa vaziyat faqat yomonlashadi. Chunki kuzga kelib Tinch okeanida El-Nino (haroratning koʻtarilishi hodisasi) hosil boʻladi. U uch yil davomida okeanni sovitgan, ammo isishni toʻxtata olmagan La-Ninyeni almashtirdi.
Kanada yongʻinlari, Pekin issiqligi va Yevropa qurgʻoqchiligi
2023-yil iyun oyi Shimoliy yarimsharning barcha qitʼasi aholisi uchun yodda qolarli boʻladi.
Kanada har yili global issiq bilan bogʻliq tabiiy ofatlarga duch keladi. Oʻtgan yili Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasini suv va dovul bosgan, bir yil avval esa rekord darajadagi issiqlik yuzlab odamlarning hayotiga zomin boʻlgan edi.
Bu yil ham bundan mustasno emas. Yoz hali boshlanib ulgurmagan, biroq Kanada allaqachon tarixdagi eng yomon yongʻin mavsumini boshdan kechirayotir.
AQSH shimolida odamlarga uyda qolish va tutunli havodan nafas olmaslik tavsiya etilmoqda.
Janubda esa, Arizonadan Texas va Floridagacha, oʻn millionlab odamlar issiqlik gumbazi deb ataladigan yopishqoq issiqdan aziyat chekishadi. Issiq harorat bir necha hafta oldin mintaqani qamrab olgan va ob-havo maʼlumotlariga koʻra, 4-iyul – Mustaqillik kuniga qadar tarqalmaydi.
Rasmiylarga koʻra, jazirama harorat tufayli kamida 13 kishi halok boʻlgan
Qoʻshni Meksikadagi vaziyat esa bundan ham yomonroq. U yerda qurbonlar soni yuz nafardan oshdi. Mamlakat aprel oyidan beri uchinchi issiq toʻlqinni boshdan kechirmoqda va rasmiylar toʻrtinchisi shu kunlarda sodir boʻlishidan ogohlantirmoqda.
Ispaniyaning janubida qurgʻoqchilik, Sevilya va Kordovadagi harorat iyun oyining oxiriga kelib +44°C ga koʻtarildi. Meteorologlarning taʼkidlashicha, 2011-yilgacha boʻlgan 35 yil ichida Ispaniyada iyun oyida atigi beshta ekstremal issiq harorati kuzatilgan. Oʻtgan 12 yil ichida esa bunday jazirama oltita iyunda qayd etildi.
Buyuk Britaniya Qirollik meteorologiya xizmatining dastlabki oʻlchovlariga koʻra, iyun mamlakat tarixidagi eng issiq boʻlib chiqdi. Toʻgʻri, garchi oʻtgan yilgi qirq daraja haroratga hali yetib borilmagan boʻlsa-da (barometr koʻrsatkichi hali 32°C dan oshmadi), tunlarning iliq, yogʻingarchiliksiz kelishi 2023-yil iyun oyining 1940 va 1976-yillardagi rekordlarni yangilashiga yetdi.
Germaniyada asosiy transport arteriyasi – Reyn daryosi muddatidan oldin quriy boshladi.
Osiyoda Pokistondan tortib Malayziyagacha milliardlab odamlar jazirama issiqdan qiynalmoqda.
Xitoy poytaxti Pekinni 10 kun davomida ikkita qizgʻin toʻlqin qamrab oldi va 1951-yildan beri ilk marotaba harorat ustuni ketma-ket uch kun mobaynida 40 darajadan pastga tushmadi. 35°C dan oshgan kunlar soni soʻnggi 30 yildagi oʻrtacha iyun koʻrsatkichidan oshib ketdi.
Hindistonda esa yanada issiqroq. Shimol va sharqda iyun oyida harorat +46°S ga yaqinlashdi. Rasmiylar jazirama sabab boʻlgan oʻnlab oʻlim holatlarini tekshirmoqda, biroq bu bogʻliqlikni tan olishni istamayotgandek. Hatto odamlar issiqdan oʻlayotgani haqida “masʼuliyatsiz fikr aytgani” uchun mintaqa shifoxonasi bosh shifokori ishdan boʻshatildi.
“Haj – 2023” mavsumi ham juda issiq iyun oyiga toʻgʻri keldi. Saudiya Arabistonidagi kun davomida havo harorati 48 darajadan tushmagan muqaddas joylarga yuz minglab musulmonlar keldi. Rasmiy Ar-Riyod issiqdan 2000 nafardan ortiq odam zarar koʻrgani va kamida 230 kishi vafot etganini maʼlum qilgan.
Issiqlikning toʻlovi qancha?
Butunjahon meteorologiya tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, oʻtgan yilning oʻzida iqlim kataklizmlari Yevropaga 2 milliard dollar zarar keltirgan va 16 ming kishining hayotiga zomin boʻlgan.
Kanada yalpi isish bilan bogʻliq zarar 2030-yilga borib, yiliga 11 milliard AQSH dollaridan oshadi, deb taxmin qilmoqda.
Yalpi isishga qarshi kurashish uchun dunyo yangi energiya manbalariga oʻtmoqda va asta-sekin qazib olinadigan yoqilgʻi yoqishdan voz kechishga harakat qilinyapti. Buning uchun quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, elektr transporti, elektr uzatish tarmoqlarini yangilash uchun trillionlab dollar sarmoya talab etiladi.
Agar El-Ninyo kuzda kelsa va bir necha yil davom etsa, iqlim inqirozi yanada kuchayadi. Dartmut kolleji olimlari bu avvalgi davrlarda ham shunday boʻlganini aniqlashdi.
Ularning hisob-kitoblariga koʻra, 1982-1983 va 1997-1998-yillardagi El-Ninyo kamida besh yil davomida dunyo farovonligiga putur yetkazgan. Hatto XX asr yakunidagisi jahon iqtisodiyotiga 5,7 trillion dollar zarar yetkazib, 23 mingga yaqin kishining hayotiga zomin boʻlgan.
Manba: https://centralasia.media/news:1947961