“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari keng jamoatchilik uchun muhokamaga qoʻyilgan. Unda “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, uning asosi boʻlgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish boʻyicha ham qator maqsadlar belgilab qoʻyilgan.
Jumladan:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming MVtga hamda jami isteʼmoldagi ulushini 40 foizga yetkazish;
- sanoatda “yashil sertifikat”lar bozorini rivojlantirish va “ekologik markirovkalash” amaliyotini joriy qilish;
- ekologiyaga zarar yetkazmaydigan infratuzilmani shakllantirish va sanoat korxonalarida “aylanma (sirkulyar) iqtisodiyot” amaliyotini joriy qilish jarayonlarini ragʻbatlantirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 9 GVt quyosh va 5 GVt shamol elektr energiyasi stansiyalari davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etiladi. Hamda quvvati 1,9 GVt boʻlgan 28 ta gidroelektr stansiyasi quriladi.
Bundan tashqari, 3 GVt quvvatli 3 ta issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish orqali tabiiy gaz sarfi kamaytiriladi. Koʻp qavatli uy-joylardagi xonadonlarni energiya samaradorligi (energoaudit)ni baholash tizimi joriy etiladi.
Strategiyaga koʻra:
- jamoat transportini toʻliq ekologik toza yoqilgʻiga oʻtkazish;
- iqlim oʻzgarishi sohasida barcha issiqxona gazlarini qamrab oluvchi monitoring tizimini (MRV) yaratish;
- “Yashil oʻsish” sharoitida bozor iqtisodiyoti nuqsonlarini bartaraf etish va “maqbul narxlarni shakllantirish” institutlarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
#strategy2030