“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida tuzilgan hisoboti va “Deloitte&Touche” tomonidan berilgan ijobiy auditorlik xulosasi kelgusida jahondagi nufuzli reyting agentliklari: “Fitch Ratings”, “S&P Global Ratings”, “Moody’s” va boshqa potensial xorijiy investorlarga, xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalarga ham taqdim etiladi.
Ta’kidlash joizki, 2022-yil uchun Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosidagi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tayyorlash va auditdan o‘tkazish ishlari 2023-yilning mart oyida boshlangan edi. Hisobot loyihasi iyun oyida “Deloitte&Touche” xalqaro auditorlik kompaniyasiga taqdim etildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning MHXS asosida 2022-yil uchun tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti joriy yilning 16-avgustida “Deloitte&Touche” xalqaro auditorlik kompaniyasining ijobiy auditorlik xulosasiga ega bo‘ldi. Bu xorijiy yirik investorlar uchun ma’lumot manbai bo‘lib, avvalo MHXS asosida tayyorlangan va jahon miqyosidagi “Katta to‘rtlik”ga kiruvchi auditorlik kompaniyasining ijobiy auditorlik xulosasiga ega bo‘lgan moliyaviy hisobot sanaladi. Qolaversa, u reyting agentliklarining reytingini olishda, aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro fond bozorlarida o‘z aksiyalarini birlamchi joylashtirishda va boshqa manbalardan xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumot o‘rnida, 2023-yilning yanvar oyida “Fitch Ratings” agentligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga “BB-” “barqaror” xalqaro reytingini bergan edi.
Mazkur sa’yi-harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-fevraldagi “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4611-sonli qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati