O‘zbekiston byudjet ko‘rsatkichlari yomonlashishining sabablaridan biri — elektr energiyasi tariflari islohoti keyinga qoldirilgani, deya qayd etdi “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi. To‘liq miqyosdagi energetika islohoti qanchalik uzoqqa cho‘zilsa, yil oxirida 5,1 foiz bo‘lishi kutilayotgan byudjet taqchilligi shunchalik sekin pasayadi.
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini “BB-” darajasida barqaror prognoz bilan tasdiqladi.
Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekiston reytingi bir tomondan yaxshi tashqi va fiskal bufer zaxiralarini, davlat qarzi darajasi pastligini, shuningdek, xuddi shunday reytingga ega bo‘lgan boshqa davlatlar bilan solishtirganda yalpi ichki mahsulotning yuqori o‘sish tarixini hisobga oladi.
Boshqa tomondan, “xomashyo sektoriga yuqori darajada qaramlik va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot tomondan tarkibiy kamchiliklar, davlatning iqtisodiyotdagi kamayib borayotgan bo‘lsada sezilarli darajadagi, raqobatbardosh bo‘lmagan ishtiroki, shuningdek, yaxshilanayotgan bo‘lsada haligacha zaif hisoblanadigan boshqaruv standartlari” kuzatilmoqda.
Agentlik hali ham hukumatda islohotlar o‘tkazish maqsadi jiddiy ekanligini ko‘rib turibdi. Hukumat asosiy tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, jumladan, davlat korxonalarini xususiylashtirish va iqtisodiyotda raqobatni rag‘batlantirish maqsadida imtiyozli kreditlash hajmini yanada qisqartirish yo‘lida harakat qilmoqda, deyiladi hisobotda.
Hukumat 2023-yil may oyida keyinga qoldirilgan elektr energiyasi tariflari islohotini qayta boshlashni rejalashtirmoqda, deya qayd etadi Fitch. “Ushbu islohotning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uzoq muddatli istiqbolda davlat moliyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va elektr energiyasini taqsimlovchi davlat kompaniyalarining shartli majburiyatlari bo‘yicha risklarni kamaytiradi”, — deyiladi xabarda.
Agentlik, shuningdek, siyosiy va geosiyosiy xatarlarni ham sanab o‘tgan. Iyul oyida Konstitutsiyaning prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirgan yangi tahririga mufoviq o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovda prezident Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. O‘zbekiston tartibga solish sifati va hukumat samaradorligini oshirish orqali Jahon banki talqini bo‘yicha boshqaruv sifati ko‘rsatkichlarini yaxshiladi, deyiladi hisobotda.
Milliy iqtisodiyot Ukrainadagi harbiy harakatlar va Rossiyaga qarshi sanksiyalar oqibatlariga chidamliligini ko‘rsatmoqda, O‘zbekiston banklari esa G‘arb sanksiyalariga rioya qilish uchun nazorat choralarini ko‘rmoqda.
Agentlik qayd etishicha, O‘zbekiston hukumati avvalgidek Rossiya bilan yaqin savdo aloqalarini davom ettiradi, shu bilan birga ikkinchi darajali sanksiyalardan qochish maqsadida G‘arb davlatlari bilan ham mustahkam aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Davlatning tashqi balansi kredit jalb qila olish bo‘yicha asosiy ijobiy omil hisoblanadi: iyul holatiga valyuta zaxiralari 9,4 oylik joriy to‘lovlarga teng bo‘ldi, davlat esa sof tashqi kreditor hisoblanadi. Chet elda ishlayotgan fuqarolar pul o‘tkazmalarining keskin o‘sishi eksportning kuchli o‘sishi (asosan Rossiyaga) bilan birgalikda 2022-yilda deyarli balanslangan joriy operatsiyalar hisobini keltirib chiqardi. 2023-yilning birinchi yarmida rublning volatilligi bunday o‘tkazmalarning 25 foizga pasayishiga olib keldi, ammo ular tarixiy standartlar bo‘yicha hali ham yuqori hisoblanadi.
Fitch kutilmalariga ko‘ra, joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 2023-yilda 4,8 foizgacha o‘sishi (chet elda ishlayotgan fuqarolarning pul o‘tkazmalari normallashishi va savdo defitsitining yomonlashishi tufayli) va 2024−2025-yillarda o‘rtacha 4,7 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu agentlikning mart oyidagi prognozlaridan yomonroq hisoblanadi.
Joriy operatsiyalar hisobi mamlakat to‘lov balansining asosiy qismlaridan biri sanaladi. Bu balans rezidentlar va norezidentlar o‘rtasida amalga oshirilgan barcha operatsiyalarning pul ko‘rinishidagi qiymatini aks ettiradi. Ya’ni, mamlakatga olib kirilgan va undan olib chiqib ketilgan pullar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadi. Aynan joriy operatsiyalar hisobi tovarlar va xizmatlar eksporti hamda importi, sof investitsion daromadlar va boshqalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Tashqi likvidlik ko‘rsatkichi 2023−2025-yillarda o‘rtacha 400 foiz atrofida bo‘ladi (“BB”ning joriy medianasi 144 foizni tashkil etadi).
Fitch davlat yalpi qarzi (shu jumladan hukumat tashqi kafolatlari) 2023−2025-yillarda YAIMning 37 foizidan ozgina yuqori darajada barqarorlashishini kutmoqda. Yilning birinchi yarmida ko‘rsatkich 33,4 foizni tashkil etgan.
Birinchi yarim yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzining 91,3 foizi chet el valyutasida bo‘lishiga qaramay, risklar imtiyozli qarzlarning yuqori ulushi (tashqi qarzning 88,8 foizi) va so‘ndirish muddati uzoq ekani (9,3 yil) hisobiga yumshatilmoqda.
Agentlikning qayd etishicha, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ, mamlakatning “suveren jamg‘armasi”) mablag‘lari birinchi yarim yillikda qariyb 6 foizni tashkil etgan (xarajatlar daromadlardan 2,5 mlrd dollarga ko‘proq bo‘lgan) taqchillikni qoplash manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Jamg‘arma mablag‘lari birinchi chorakda yalpi ichki mahsulotning 20 foizi darajasida bo‘lgan va uning 50 foizi xorijiy valyutada hisoblanadi.
QQS tushumlarining kamayishi, ijtimoiy xarajatlarning ko‘payishi va elektr energiyasi tariflari islohotining rejalashtirilgan muddatga kechiktirilishi tufayli birinchi yarim yillikda budjet ko‘rsatkichlari yomonlashdi.
Fitch yillik budjet taqchilligi yomonlashuv tomoniga qayta ko‘rib chiqilganidan keyin 5,1 foizni tashkil etishini kutmoqda (qonun bilan 2023-yil uchun 3 foizlik defitsit rejalashtirilganiga qaramay). Ko‘rsatkich yanada manzilli ijtimoiy xarajatlar va subsidiyalarni ratsionalizatsiya qilish bo‘yicha kutilmalarni inobatga olgan holda 2024-yilda 4,3 foiz va 2025-yilda 3,4 foizgacha tushishi prognoz qilingan.
Elektroenergetikadagi subsidiyalar bo‘yicha keng ko‘lamli islohot qancha kechiktirilsa, budjet taqchilligi shunchalik sekin kamayadi, deb hisoblamoqda agentlik tahlilchilari.
Tashkilot birinchi yarim yillikda real yillik iqtisodiy o‘sish 5,6 foizni (2022-yilda — 5,7 foiz) tashkil etganini ma’lum qilib, O‘zbekiston uchun yaxshi o‘sish istiqbollarini qayd etdi.
“Uy xo‘jaliklari iste’moli yaxshi darajada bo‘ldi, investitsiyalar va eksport ham kuchli natijalarni ko‘rsatdi. Fitch 2023-yilda o‘sish 5,9 foizga yetishini, keyinchalik 5,7 foiz atrofida barqarorlashishini kutmoqda, bu 2024−2025-yillardagi potensial darajadan biroz yuqoriroq hisoblanadi (hokimiyat kutilmalari — 5,5 foiz edi)”, — deyiladi hisobotda.
Bank depozitlari va kreditlarining dollarlashuv darajasi yil boshiga nisbatan past bo‘lsada, birinchi yarim yil yakuniga ko‘ra ancha yuqori darajada saqlanib turibdi — mos ravishda 44 foiz va 28,7 foiz. Direktiv kreditlash yilning birinchi olti oyida sezilarli darajada kamaydi va yangi kreditlarning 18 foizini tashkil etdi (2017-yildagi 51 foiz edi).
Chakana kreditlashning yillik o‘sishi iyun oyida 54 foizgacha oshdi, biroq 2018−2019-yillarda kuzatilgan o‘sish sur’atlaridan ancha past bo‘ldi va uy xo‘jaliklari kreditlarining YAIMga nisbati past bo‘lib, 12,4 fozini tashkil etayotgan bir vaqtda moliya bozorining rivojlanishini yetarlicha aks ettiradi.
Banklar yaxshi kapitalizatsiyaga ega va foydali hisoblanib, aktivlar sifati yaxshilanmoqda (ishlamayotgan kreditlar ulushi birinchi yarim yillikda 2021-yilning uchinchi choragidagi eng yuqori ko‘rsatkich — 5,8 foizdan 3,4 foizgacha kamaydi), biroq agentlik 2017-yildan boshlab, islohotlar boshlangan davrda berilgan kreditlar muddati o‘tishi bilan bog‘liq risklarni ko‘rmoqda.
Inflyatsiya bosimi omillariga kelinsa, inflyatsiya O‘zbekistondagi boshqa yondosh emitentlarga nisbatan tarixan yuqori bo‘lib kelgan, bu pul-kredit siyosati o‘tkazuvchanlik kanallarining zaifligini ko‘rsatadi, deya qayd etdi tashkilot.
Yanvar-fevral oylarida inflyatsiya darajasi 11,9 foizdan iyul oyida 8,6 foizgacha pasaygan bo‘lsada, elektr energiyasi tariflarining oshishi 2024-yilda inflyatsiya darajasining o‘rtacha 13 foizgacha, sezilarli darajada oshishiga olib keladi, keyinchalik 2025-yilda ko‘rsatkich 6,5 foizgacha pasayadi (target inflyatsiya darajasi — 5 foiz). Agentlik kutilmalariga ko‘ra, real foiz stavkalari (inflyatsiya darajasi hisobga olingan nominal foiz stavkasi) prognoz gorizonti davrida ijobiy bo‘ladi.
Fitch alohida olinganda yoki birgalikda O‘zbekiston reytingiga salbiy ta’sir qiluvchi, uning pasaytirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni sanab o‘tdi:
➖ tashqi moliyaning sezilarli darajada yomonlashishi, masalan, chet eldan pul o‘tkazmalarining sezilarli darajada kamayishi yoki savdo taqchilligining oshishi, bu o‘z navbatida valyuta zaxiralarining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi;
➖davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan sezilarli o‘sishi yoki hukumat fiskal bufer rezervlarining kamayishi (past tempda o‘sishning davomli kuzatilishi yoki shartli majburiyatlarning amalga oshirilishi ko‘rinishida).
Reytingni yaxshilashi mumkin bo‘lgan omillar:
➖ yalpi ichki mahsulot o‘sishi istiqbollarini mustahkamlash va makroiqtisodiy barqarorlikni oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarning davomli amalga oshirilishi.
➖ budjetni konsolidatsiyalash (xarajat va daromadlarni optimallashtirish), bu o‘rta muddatli istiqbolda davlatning qarz yukiga nisbatan barqarorligini oshiradi.
➖ boshqaruv standartlarining sezilarli va barqaror yaxshilanishi va siyosiy xatarlarning yumshashi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev elektr energiyasi, gaz va suv narxlarini erkinlashtirish va uning O‘zbekistonda narxlar o‘sishiga ta’siri 2023-yil uchun inflyatsiya prognoziga kiritilganini ta’kidlagandi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika sohasidagi joriy narx siyosati kambag‘allarning qashshoqlashishiga, boylarning yanada boyishiga olib kelmoqda. Energetika kompaniyalariga bozordan tashqari narxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan milliardlab dollarlik subsidiyalar boylar uchun ko‘proq foydalidir, deydi u.
Bundan tashqari, past tariflar tufayli energetika kompaniyalari ko‘p milliard dollarlik zarar ko‘rmoqda.