Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Bosh prokuratura va “Hududgazta’minot” AJ xodimlari bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Oltiariq tumanida joylashgan “N.I.B” MChJ tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Xususan, ushbu MChJga qarashli 46-sonli AGTKShda gaz sarfini o‘lchash kompleksiga o‘rnatilgan “toraytiruvchi” qurilmaning kirish-chiqish qismidagi gaz jo‘mraklariga davlatlararo standart talablari (GOST 8.586-2005)ga zid ravishda “prokladka” o‘rnatilganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur noqonuniy holat natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 5 mlrd 542 mln so‘m (5 mln 542 ming metr kub)ni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun: ushbu hajmdagi tabiiy gaz 27 ming 700 ta xonadonning bir oylik iste’moliga teng.
Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Joylarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.