Bugun, 24-sentyabr kuni “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Energetika vazirligi bilan hamkorlikda Namangan viloyatining Chust tumanidagi “Namangan sement” MCHJga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil qildi.
Press-turda jurnalist va blogerlarga mazkur zavodning imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, zavod to‘liq ko‘mir yoqilg‘isiga moslashgan bo‘lib, unda energiya tejamkorlik va energiya samaradorlikka alohida e’tibor qaratilgani, jumladan, energiya tejamkor qurilmalar o‘rnatilganligi bois kam yoqilg‘i sarflab, ko‘p mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
Korxona rahbari Rashid Murodovning ma’lum qilishicha, zavod yiliga 245 milliard so‘mlik tabiiy gazni tejagani holda, bir yilda qo‘shimcha 125 milliard so‘mni iqtisod ham qiladi. Qolaversa, kelgusida bu yerda mavjud issiqlikni maxsus uskunalarga yo‘naltirish orqali korxonaning elektr energiyasiga nisbatan talabining 40 foizini ta'minlash ham ko‘zda tutilmoqda. Bu esa qo‘shimcha qariyb 25 milliard so‘mni tejash imkonini beradi.
Ahamiyatlisi, mazkur zavodning ishga tushirilishi natijasida 1050 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.