Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Bosh prokuratura va “Hududgazta’minot” AJ xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Shayxontohur tumanida joylashgan “R.T.” MChJ tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Xususan, ushbu MChJga qarashli korxonaning 2 ta bug‘ qozoni gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur noqonuniy holat natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 3 mlrd 838 mln 950 so‘m (5 mln 816 ming 592 metr kub)ni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun: ushbu hajmdagi tabiiy gaz 29 ming 82 ta xonadonning bir oylik iste’moliga teng.
Shu bilan birga, isteʼmolchining bugungi kun holatida elektr energiyasidan 3 mlrd 59 mln 281 ming so‘m qarzdorligi mavjudligi sababli elektr tarmog‘idan ajratildi.
Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.
Joylarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.