Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-sentyabrda “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 475-sonli qaroriga asosan 1-oktyabrdan boshlab biznes uchun elektr va tabiiy gaz tariflari oshirildi. Ayrim ijtimoiy tarmoqlar buni “metan zapravka”larda ham narxlar oshishi haqida xabar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Energetika vazirligi Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:
Mazkur qarorning 7-bandida Bosh vazir o‘rinbosari, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi hamda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi kelgusi olti oyda kub metr uchun 3 250 so‘mdan oshib ketmasligi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish yuzasidan topshiriq berilgan.
Bu 2024-yilning 1-apreliga qadar har qanday insofsiz tadbirkorning metan gaz narxini sun’iy ravishda oshirishini oldini olish uchun huquqiy asos hisoblanadi.
Demak, metan gaz narxining 800-1000 so‘mgacha oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi va bu tegishli organlar tomonidan doimiy ravishda qat’iy nazorat qilib boriladi.
Shuningdek, Respublika bo‘yicha metan “zapravka”larga tabiiy gaz belgilangan talabga asosan yetkazib berilmoqda. Metan gazning narxi ham oshgani yo‘q.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda metan “zapravka”larda navbatning uzayib borayotgani, bunga bir qator metan “zapravka”larning yopiqligi sabab bo‘layotgani, mazkur vaziyat metan narxining oshishidan darak bo‘lishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqalyapti.
Energetika vazirligi Axborot xizmati shuni ta’kidlaydiki, barcha metan “zapravka”larga ularning talablariga asosan belgilangan limitga ko‘ra, tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan.
Qaysidir metan “zapravka” o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan bo‘lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, avval ta’kidlaganimizdek, metan “zapravka”larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, aholi va boshqa toifadagi iste’molchilar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantiriladi.