“Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi – 2023” doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov va “Gazprom” AJ Boshqaruvi raisi Aleksey Miller oʻrtasida ishchi uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda tomonlar hamkorlikning borishi hamda istiqbollarini koʻrib chiqdilar. Xususan, joriy yilning oktyabr oyida boshlangan Rossiya gazini Qozogʻiston hududi orqali Oʻzbekistonga yetkazib berish masalasi muhokama qilindi. Oʻzbekiston isteʼmolchilarini energiya bilan barqaror taʼminlashda “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvurlari tizimi asosidagi maxsus ajratilgan yoʻnalish alohida oʻrin tutishi, bu, ayniqsa, kuz-qish mavsumida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Uchrashuvda Joʻrabek Mirzamahmudov va Aleksey Miller energetika kompleksidagi hamkorlik boʻyicha strategik memorandumni imzoladilar. Hujjatga koʻra, tomonlar gaz taʼminoti hamda tashish sohasida, shuningdek, uglevodorodlarni geologiya-qidiruv va qazib olish yoʻnalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantiradilar.