2024-yilda Rossiya Federatsiyasidan Qozogʻiston Respublikasi hududi orqali Oʻzbekiston Respublikasiga neft xomashyosi yetkazib berish hajmini 1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu 2023-yilning 3-noyabr kuni Moskvada imzolangan uch tomonlama hujjatda qayd etilgan.
Hujjatni Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari P.Sorokin, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari A.Axmedxadjayev va Qozogʻiston Respublikasi energetika vaziri oʻrinbosari E.Akkenjenov imzoladi.
Hujjatda qayd etilishicha, kelishuvni amalga oshirishda “Omsk – Pavlodar – Chimkent – Shagir” neft quvuri orqali yuk tashishni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shartnomada tomonlarning uzoq muddatli asosda 2024-yilda va keyingi yillarda neft xomashyosi yetkazib berishni 1 million tonnaga yetkazish boʻyicha tijorat shartnomalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam koʻrsatishi belgilab qoʻyilgan. Jumladan, neft xomashyosining oʻzaro maqbul narxini kelishish hamda uning hajmini oshirishni hisobga olgan holda, tomonlarning mamlakatlari hududi boʻylab neft xomashyosini toʻliq hajmda toʻsqinliksiz tashish taʼminlanadi.
Ushbu shartnoma quyidagi maqsadlarni amalga oshirishga imkon beradi:
- joriy yilning 6-7-oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan muhokamalar chogʻida uch Davlat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvni tezkorlik bilan amalga oshirish;
- transport xarajatlarini hisobga olgan holda, temir yoʻl orqali yetkazib berishga nisbatan arzonroq boʻlgan neft quvurlari taʼminotini rivojlantirish;
- Oʻzbekiston Respublikasi hamda chegaradosh hududlarning neft quvurlari infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashish;
- neft xomashyosi bilan barqaror taʼminlash va mamlakatimizda yuqori sifatli benzin hamda boshqa yoqilgʻi-moylash materiallarini ishlab chiqarish hajmining oshishi munosabati bilan Oʻzbekistondagi neftni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan ikkita zavodning ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish;
- benzin ishlab chiqarishning koʻpayishi Oʻzbekistonda yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini ham kengaytirish imkonini yaratadi. Bu esa xizmat koʻrsatish hamda yoqilgʻi sotish geografiyasi boʻyicha aholiga sifat jihatidan yangi xizmatlar koʻrsatish imkonini beradi;
- Rossiya neft xomashyosining barqaror taʼminoti mavjud neftni qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilishga, shuningdek, yangilarini qurish va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega eksport mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga yordam beradi.