"Biz o‘zaro investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqib, Tashkilotimiz Kotibiyatiga taqdim etdik. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va qurilish sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsad qilib qo‘yilgan. Bu ezgu yo‘lda Tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdorimiz.
Tashkilotimiz doirasida hududlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etish va uning dastlabki tadbirini 2024 yilda yurtimizda o‘tkazish taklifini ilgari suramiz", - dedi davlatimiz rahbari.
Milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati oshayotgani taʼkidlandi.
Bu boradagi hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishlarni tizimli asosda olib borish uchun Prezidentimiz IHT doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini taʼsis etishni taklif etdi.