Turli davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat olib boruvchi, shuningdek, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan bir guruh oʻzbekistonlik rahbar ayollar Fransiyada “Lider ayollar” stajirovka dasturi doirasida malaka oshirdi.
Xususan, ular orasida Oʻzbekiston Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Raisining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Yulduz Adilova hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ Biznesni istiqbolli rivojlantirish departamenti Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Sevara Ibrohimova ham bor.
Ushbu dastur Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Samarali davlat boshqaruvi” loyihasi, Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi hamda Fransiyaning Davlat xizmati milliy instituti (Institut National du Service Public, INSP) hamkorligida ishlab chiqilgan.
Malaka oshirish stajirovka kurslari davomida tinglovchilar uchun davlat boshqaruvi va qarorlar qabul qilishda ayollarning roli hamda bunda xalqaro va Yevropa tajribasi; rahbar ayollar uchun netvorking ahamiyati, liderlik koʻnikmalari, mohiyati, davlat xizmatida rahbar ayollarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan siyosat hamda boshqa dolzarb mavzularda malakali trenerlar tomonidan taqdimotlar va oʻquv mashgʻulotlari olib borildi.
Dasturda belgilangan maqsad hamda vazifalarga koʻra, ishtirokchilar rahbarlik lavozimlariga koʻtarilish uchun zarur koʻnikmalarni shakllantirish yuzasidan oʻz strategiyasi, shuningdek, oʻrganilgan tajriba asosida ayol davlat xizmatchilariga moʻljallangan trening dasturini ishlab chiqishlari lozim.