So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida respublikadagi metan zapravkalarida ish vaqti soat tonggi 6:00 dan soat 15:00 ga qadar cheklanganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda “Hududgazta’minot” AJ shuni ma’lum qiladiki, mamlakatimizda havo haroratining sovib borishi tufayli aholi orasida tabiiy gazga talab birmuncha oshdi. Bu esa, o‘z navbatida, aholi iste’molining ko‘payishiga, pirovardida, gaz bosimining sezilarli pasayishiga olib keldi.
Qolaversa, 7 – 16-dekabr kunlari oralig‘ida kutilayotgan (8 dekabrda 0 daraja, 12-dekabrda -16 daraja) sovuq ob-havo sharoitida ham gaz bosimining pasayishi kutilyapti. Shundan kelib chiqib, aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida metan zapravkalari ishlash vaqtini cheklash choralari ko‘rilmoqda. Rejaga muvofiq, metan zapravkalari soat 6:00 dan soat 15:00 ga qadar ishlaydi.
Mazkur vaqtinchalik cheklov aholi iste’molchilari hamda ijtimoiy obyektlarni tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash maqsadida ayni paytgacha respublikamizning barcha hududida kiritildi.
Iste’molchilardan yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan holda, vaziyat barqarorlashgunga qadar tejamkorlikka rioya qilishlarini so‘raymiz.
AGTKSHlar faoliyatida o‘zgarishlar kuzatilsa, qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.
Energetika vazirligi Axborot xizmati,
“Hududgazta’minot” AJ Matbuot xizmati.