Joriy yilning 6-dekabr kuni “Moodyʻs” xalqaro reyting agentligi “O‘zkimyosanoat” AJga B1 (barqaror) darajadagi xalqaro kredit reytingini taqdim etdi.
Kimyo sanoatini yangi darajaga olib chiqish maqsadida “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining xalqaro reytinglarni qo‘lga kiritish borasida “Moodyʻs” hamda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentliklari bilan olib borgan ishlari yakunlandi.
Mazkur reyting darajasi “O‘zkimyosanoat” AJni jahonning mashhur investorlar bozorlariga aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega ishlab chiqaruvchi korxona sifatida tanitib bormoqda.
Qo‘lga kiritilgan ushbu yutuq kelgusida “O‘zkimyosanoat” AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy kreditlarni davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini jalb qilish imkoniyatini beradi.
Avvalroq “O‘zkimyosanoat” AJ mamlakat kimyo sanoati tarixida ilk bor yirik xalqaro reyting agentligi “Fitch Ratings”ning “BB- “Barqaror” toifasidagi xalqaro kredit reytingini qo‘lga kiritgandi.