Assalomu alaykum!
Kecha, 15-dekabr kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
15-dekabr kuni elektr stansiyalar orqali 254,9 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va iste’molchilarga 246,4 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Buning uchun mamlakatimizdagi barcha issiqlik elektr stansiyalarida 45,6 mln kubometr tabiiy gaz, 15,2 ming tonna ko‘mir, 12,2 ming tonna mazut yoqilgan.
Respublika tabiiy gaz iste’moli 158,7 mln kubometrni tashkil qilgan.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni rostlash maqsadida hududlarda metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar yumshatildi. Xususan, poytaxtimiz Toshkent shahri, shuningdek, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi metan zapravkalar faoliyatini tiklash maqsadida tayyorgarlik ishlari boshlandi. Ayni vaqtda mazkur hududlardagi metan zapravkalar mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Kecha “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatidan tabiiy gaz oluvchi 1 ming 204 ta metan zapravkaning 704 tasi belgilangan grafik asosida ishladi.
Yuzaga kelgan ortiqcha talabni qoplash maqsadida yuqorida aytib o‘tilgan hududlarga avtobenzin va dizel yonilg‘isi miqdori oshirilgan tarzda yetkazib berilmoqda. Xususan, kecha “O‘zbekneftgaz” jamiyati tomonidan mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga jami 4376 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Ishlayotgan metan zapravkalarga 6,7 mln kubometr tabiiy gaz hamda 800 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 2 ming 770 tonna avtobenzin, 3 ming 531 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 2 ming 770 tonna avtobenzin hamda 1 ming 953 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik asosida ishlanmoqda.
Gaz bosimining pasaygani hamda Yangi Angren issiqlik elektr stansiyaci 3-son energoblokida yuzaga kelgan nosozlik tufayli sutkaning tig‘iz vaqtlarida elektr energiyasi yetkazib berishga qo‘yilgan vaqtinchalik qisqa muddatli cheklovlar davom etyapti.
Shuni alohida ta’kidlaymizki, sutkaning tig‘iz vaqtlarida elektr energiyasi yetkazib berishga qo‘yilgan vaqtinchalik qisqa muddatli cheklovlar yuklama ortishi bois hududlardagi elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olish maqsadida qo‘llanilmoqda.
Gaz bosimi barqarorlashishi hamda energobloklar ishga tushirilishi bilan iste’molchilarga elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishi ta’minlanadi.
Shu bilan birga, respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarda yuzaga kelgan 9 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 6 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Ta’minotdagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 826 ta murojaat kelib tushdi va ularning barchasi maxsus brigadalar tomonidan tuzatildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 564 ta murojaat ham shu kunning o‘zida o‘rganilib, hal etildi.
Yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha esa 2 ta murojaat kelib tushgan.
Tarmoqlarda nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada tunu kun ishlab, joylarda muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqdalar.
Shu o‘rinda Energetika vazirligi va uning tizim tashkilotlari jamoalari iste’molchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini yana bir marta iltimos qilib qoladi.
Shu bilan birga, qishning sinovli kunlarida transformator hamda elektr kabellariga ortiqcha yuklama tushirmaslik, ularning haddan ziyod kuchlanish tufayli ishdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikka rioya etishimiz eng to‘g‘ri yo‘ldir. Buning uchun energiya resurslari sarfini uy xo‘jaliklari darajasida qat’iy nazorat qilishni, “energetik menejment”ni oila budjetining asosiy shartiga aylantirishni, bu jarayonga “aqlli monitoring” usullarini faol joriy qilishni o‘rganishimiz kerak.
Jumladan, avvalo, barchamiz “Bir oyda qancha gaz, qancha elektr energiyasi yoqyapman, qancha suv ishlatyapman?” degan savolga aniq javob bera olishimiz lozim. Agar masalaga jiddiyroq va mas’uliyat bilan yondashsak, xonadonimiz qaysi oyda, hatto kunning qaysi soatlarida ko‘proq energiya resurslari sarflashini ham nazorat qilishimiz mumkin. Bunday qat’iy nazorat birinchi navbatda o‘zimiz, cho‘ntagimiz uchun manfaatlidir.
Ichimlik suvi behuda oqib yotgan jo‘mrakni berkitish, kechasiyu kunduzi shunchaki yoniq turadigan chiroqlarni o‘chirib yurishga odatlanish, “Uy xo‘jaligimiz har kuni, har oyda qancha elektr va gaz sarflayapti? Nega bu safar birdan ko‘payib ketdi?!” kabi savollarni o‘zimizga doimiy berib turishni o‘rganishimiz ana shunday “aqlli monitoring” namunasidir.
Bu ishlar bizdan mablag‘ so‘ramaydi, katta tashvish tug‘dirmaydi, shunchaki bizdan bir oz ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lish talab etiladi xolos.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.