Assalomu alaykum!
Kecha, 19-dekabr kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
19-dekabr kuni elektr stansiyalar orqali jami 258,9 mln kVt·soat – rejaga nisbatan 102 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi va iste’molchilarga 247,1 mln kVt·soat, rejaga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 46,6 mln kubometr tabiiy gaz, 19,7 ming tonna ko‘mir hamda 8,8 ming tonna mazut yoqildi.
Respublika tabiiy gaz iste’moli 161,7 mln kubometrni tashkil qilgan.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatib borilmoqda. Barcha hududlardagi metan zapravkalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Kecha “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatidan tabiiy gaz oluvchi 1 ming 204 ta metan zapravkaning 1062 tasi, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatidan tabiiy gaz oluvchi 301 ta metan zapravkaning 270 tasi belgilangan grafik asosida ishladi.
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi bo‘yicha yuzaga kelgan ortiqcha talabni qoplash maqsadida mazkur mahsulotlar hududlarga miqdori oshirilgan tarzda yetkazib berilmoqda. Masalan, kecha “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga jami 3495 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Ishlayotgan metan zapravkalarga 12,6 mln kubometr tabiiy gaz hamda 800 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 3 ming 215 tonna avtobenzin, 2 ming 440 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 3 ming 215 tonna avtobenzin hamda 1 ming 115 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik asosida ishlamoqda.
Gaz bosimining bir me’yorda rostlanganligi bois 17-dekabrdan e’tiboran sutkaning tig‘iz vaqtlarida elektr energiyasi yetkazib berishga qo‘yiladigan vaqtinchalik qisqa muddatli cheklovlar mutlaqo qo‘llanilmayapti.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelgan nosozliklar zudlik bilan bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarda yuzaga kelgan 4 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 2 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Xususan, kecha soat 05:10 da “Pyandj-2” fideri avariyaviy o‘chib, Mirzo Ulug‘bek tumanining Parkent, Olmachi ko‘chalari iste’molchilari elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 06:42 da iste’molchilar elektr ta’minotiga qayta ulandi.
Soat 07:05 da “Maxtumquli” fideri avariyaviy o‘chib, Yashnobod tumanining Parkent, Maxtumquli ko‘chalari iste’molchilari elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 08:29 da iste’molchilar elektr ta’minotiga qayta ulandi.
Soat 09:50 da Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi 35/10kV “Guliston” PSda T-1 transformatorida nosozlik yuzaga kelib, avariyaviy o‘chgan. Shu vaqtning o‘zida elektr ta’minotidan uzilgan iste’molchilarning barchasi T-2 transformatoriga o‘tkazilgan. Soat 18:42 da transformator ta’mirlanib, me’yoriy sxema qayta tiklandi.
Soat 21:53 da Farg‘ona viloyatidagi 110 kV L-Charxiy-2 elektr uzatish tarmog‘i bitta faza yo‘qligi sababli 25 MVt quvvat bilan o‘chirildi. Natijada Uchko‘prik, Buvayda hamda Bag‘dod tumanlari iste’molchilari elektr elektr ta’minotidan uzildi. Soat 22:25 da iste’molchilarning katta qismi boshqa manbalardan ta’minlandi. Soat 01:07 da nosozlik bartaraf etilib, barcha itste’molchilar elektr ta’minotiga qayta ulandi.
Ta’minotdagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan kelib tushgan 224 ta murojaat maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 278 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Tarmoqlarda nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigadalar safidagi 7 ming 300 nafardan ziyod ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqdalar.
Shu o‘rinda iste’molchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.
Energoresurslardan ham tejamkorlik bilan foydalanish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.