Assalomu alaykum!
Kecha, 21-dekabr kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
21-dekabr kuni elektr stansiyalar orqali jami 256,4 mln kVt·soat – rejaga nisbatan 101 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi va iste’molchilarga 243,3 mln kVt·soat, rejaga nisbatan 102 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 46,8 mln kubometr tabiiy gaz, 21,2 ming tonna ko‘mir hamda 7,7 ming tonna mazut yoqildi.
Respublika tabiiy gaz iste’moli 159,4 mln kubometrni tashkil qilgan.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatib borilmoqda. Barcha hududlardagi metan zapravkalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Kecha mamlakatimizdagi mavjud 1 ming 505 ta metan zapravkaning 1 ming 247 tasi belgilangan grafik asosida ishladi.
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi bo‘yicha yuzaga kelgan ortiqcha talabni qoplash maqsadida mazkur mahsulotlar hududlarga miqdori oshirilgan tarzda yetkazib berilmoqda. Masalan, kecha “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga jami 3123 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Ishlayotgan metan zapravkalarga 11,4 mln kubometr tabiiy gaz hamda 700 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 2 ming 647 tonna avtobenzin, 1 ming 846 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 2 ming 620 tonna avtobenzin hamda 320 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik asosida ishlamoqda.
Kecha “Sirdaryo” issiqlik elektr stansiyasida yuzaga kelgan nosozlik tufayli sutkaning tig‘iz vaqtlarida elektr energiyasi yetkazib berishga vaqtinchalik qisqa muddatli cheklovlar qo‘yildi. Ushbu nosozlik kechaning o‘zida to‘liq bartaraf etilib, vaqtinchalik qisqa muddatli cheklovlar olib tashlandi.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham zudlik bilan bartaraf etib borilmoqda.
21-dekabr kuni mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarda yuzaga kelgan 13 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Ularning ta’mirlanib, yagona tarmoqqa qayta ulanishi uchun 20 daqiqadan 7 soatgacha vaqt sarflangan.
Ta’minotdagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan kelib tushgan 287 ta murojaat maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 248 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Tarmoqlarda nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigadalar safidagi 7 ming 300 nafardan ziyod ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqdalar.
Hurmatli yurtdoshlar, uyni isitishda ochiq olovdan aslo foydalanmanglar. Elektr va boshqa turdagi isitkich pechlarni ishlatganda, xonani tez-tez shamollatishga e’tiborli bo‘ling. Yoqilg‘i mahsulotlari – o‘tin va ko‘mirning yonishi uchun kislorod zarur. Ular yongani sayin xonada kislorod kamayib borishini unutmang. Bu is gazi hosil bo‘lishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, is gazi hidsiz, rangsiz, ta’msiz bo‘ladi. U hayot uchun xavfli gazdir.
Qish mavsumini batalafot o‘tkazish uchun uyingizga, isitilayotgan xonangizga alohida ahamiyatli bo‘ling.
O‘zingiz va yaqinlaringiz hayotiga befarqlik bilan qaramang.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.