Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va gaz taʼminoti korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatidagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)da oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Xususan:
Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “B.E.G.700” MCHJga qarashli AGTKSH tomonidan gazning haqiqiy sarfini kamaytirib koʻrsatish maqsadida hisobga olish priboriga tashqi taʼsir koʻrsatgan holda uning sxemalari oʻzgartirilganligi maʼlum boʻldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur AGTKSH tomonidan davlat manfaatlariga jami 1 mlrd 258 mln soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Qoidabuzar isteʼmolchiga nisbatan belgilangan tartibda chora koʻrish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.