Bugun, 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Jamiyat tomonidan ““O‘zbekgidroenergo” AJ: 2023-yil yakunlari sarhisobi, istiqboldagi rejalar va xalqaro reyting natijalari” mavzusidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Jamiyat boshqaruvi rahbariyati, Ijro apparati boshqarma va bo‘lim boshliqlari, mas’ul mutaxassislar, televideniye, radio, bosma va elektron OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, “O‘zbekgidroenergo” AJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-maydagi 5044-son Farmoniga asosan tashkil etilgan.
O‘tgan davr mobaynida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan mazkur yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, faol islohotlar natijasida jami 36 ta loyiha, shu jumladan, 23 ta yangi GES qurilishi amalga oshirilib, muvaffaqiyatli foydalanishga topshirildi va 13 ta mavjud GES zamonaviy andozalar asosida modernizatsiya qilindi.
So‘nggi olti yil ichida mamlakatimizda GESlarning umumiy soni 2017 yildagi 35 tadan 58 taga hamda o‘rnatilgan quvvati esa 1 856 MVtdan hozirgi 2 233 MVt ga yetkazilib, qo‘shimcha ravishda qariyb 400 MVt quvvatlar yaratildi. E’tiborli tomoni, bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH davlatlarida ham katta ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Hozirgi kunda Investitsiya dasturiga muvofiq jami quvvati 749 MVtga teng bo‘lgan 13 ta investitsiya loyihasi doirasida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, joriy 2023 yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq, Toshkent, Andijon, Samarqand va Surxondaryo viloyatida umumiy quvvati 190 MVtga teng 8 ta GES, shu jumladan, 3 ta yirik GES va 5 ta mikroGES mamlakatimiz sanoati ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida ishga tushirildi. Xususan, Toshkent viloyatida Ispaysoy mikroGES, Andijonda Zavroq, Xonobod mikroGESlari, Samarqandda Shaudar va PK 102+00 GES, Surxondaryoda To‘polang GES va Isfara-1 mikroGES loyihalari, shular jumlasiga kiradi.
Kuni kecha Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida “Isfara mikro GES-1”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu GES biz uchun aloxida ahamiyat kasb etib, gidroenergetikadagi dastlabki “milliy” GESga aylandi. Sababi, O‘zbekistonda ilk bor mazkur GES doirasidagi barcha ishlar, shu jumladan, loyiha ishlari, asbob-uskunalari - mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq o‘zimizda tayyorlandi. Xususan, Jamiyat tizim tashkiloti hisoblangan - “Suvsanoatmash” AJda negizida ushbu GES uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlar ishlab chiqarildi.
Mintaqamizda so‘nggi yillarda suv kam bo‘lgan mavsumlar tez-tez takrorlanmoqda. Shunday bo‘lsa-da, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida yaratilgan qo‘shimcha quvvatlar evaziga gidroenergetika salohiyatini, nafaqat bir maromda saqlash, balki yildan-yilga mavjud quvvatlarni oshirib borilishiga ham erishilmoqda.
Joriy 2023-yilda respublika elektr energiya balansiga Jamiyat tasarrufidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan 7,0 mlrd.kVt.soatga yaqin elektr energiyasi milliy elektr tarmoqlariga yetkazib berilishi mo‘ljallangan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 8 foizga ko‘proq deganidir.
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati to‘rt yildan buyon jahonda yetakchi top “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Reytings” xalqaro reyting agentligining “BB-” xalqaro kredit reytingini barqaror darajada saqlab kelmoqda.
Bundan tashqari, Jamiyat tomonidan Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar natijasida kuni kecha Buyuk Britaniyaning Sustainable Fitch reyting agentligi tomonidan ESG xalqaro reytingi berildi.
Aytish mumkinki, “O‘zbekgidroenergo” AJ Respublikamizda xalqaro ESG reytingini qo‘lga kiritgan birinchi tashkilot bo‘ldi.
Davlat xaridlar tizimidagi oshkoralikni oshirish maqsadida 2022 va 2023 yillari uchun xarid jarayonlarini auditdan o‘tkazib, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlari samaradorligini oshirish (“forenzik”) bo‘yicha dunyoda auditorlik xizmatlari ko‘rsatuvchi “Katta to‘rtlik”ka kirgan Kompaniya tomonidan ijobiy audit xulosasi olinishiga erishildi.
Jamiyatning yana bir ulkan yutug‘i, bu Jamiyat tasarrufidagi GESlarda mamlakatimizda ilk bor “Yashil energiya” sertifikati joriy etilganidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-156-son qaroriga muvofiq energiya hosil qiluvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun birinchi marta Gollandiyaning I-REC “Yashil energiya” sertifikati tizimi tatbiq etildi. Hozirda sertifikatlarni birja savdolari orqali sotish buyicha amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, “yashil energiya” sertifikatlarini sotish mamlakatga ekologik mas’uliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda tabiiy ravishda O‘zbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan anjuman ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar va tushuntirishlar berildi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ Ахборот хизмати