Assalomu alaykum!
Kecha, 28-dekabr kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
28-dekabr kuni elektr stansiyalar orqali jami 239,4 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va iste’molchilarga 218,2 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 47,1 mln kubometr tabiiy gaz, 19,4 ming tonna ko‘mir hamda 4,8 ming tonna mazut yoqildi.
Respublika tabiiy gaz iste’moli 144,8 mln kubometrni tashkil qildi.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatib borilmoqda. Barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.
Kecha mamlakatimizda 1 ming 358 ta metan zapravka belgilangan grafik asosida ishladi.
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi talabni qoplaydigan darajasida yetkazib berilmoqda. Xususan, kecha “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga jami 3267 tonna avtobenzin yetkazildi.
Metan zapravkalarga 13,8 mln kubometr tabiiy gaz hamda 700 tonna suyultirilgan gaz berildi. Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 2 ming 790 tonna avtobenzin, 4 ming 994 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, 2 ming 790 tonna avtobenzin hamda 1 ming 374 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik asosida ishlamoqda.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham zudlik bilan bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 15 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 8 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Xususan, kecha soat 04:05 da “Muzrabot – Dushanbe” magistral gaz quvurining ikkinchi tarmog‘ida nosozlik kuzatilib, gaz sizib chiqishi holati aniqlandi. Turli noxush holatlarning oldini olish maqsadida quvurga gaz yetkazib berish vaqtinchalik to‘xtatildi. Hududda maxsus shtab tashkil qilinib, ta’mirlash ishlari olib borildi.
Ishlarni xavfsiz bajarish maqsadida Angor, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Sherobod, Muzrabot, Bandixon, Qumqo‘rg‘on, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi ayrim iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi.
Ta’mirlash ishlari soat 16:50 da yakunlandi hamda iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berilishi to‘liq tiklandi.
Ta’minotdagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan kelib tushgan 162 ta murojaat maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 240 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Tarmoqlarda yuzaga kelayotgan nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safidagi 7 ming 300 nafardan ziyod ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqdalar.
Shu o‘rinda iste’molchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.
Energoresurslardan ham tejamkorlik bilan foydalanish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, behuda yonayotgan chiroqlar, reklama yoritkichlari hamda boshqa manbalarni o‘chirib yurish orqali elektr tarmoqlariga tushadigan kuchlanishni kamaytirishimiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.