Assalomu alaykum!
11-yanvar kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beramiz.
Kecha elektr stansiyalar orqali jami 247,4 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu esa rejadagiga nisbatan 104 foiz koʻp deganidir. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 49,6 mln kubometr tabiiy gaz, 19,7 ming tonna koʻmir hamda 3,6 ming tonna mazut yoqildi.
Respublika isteʼmolchilariga 232,9 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu rejadagiga nisbatan 101 foiz koʻpdir. Tabiiy gaz isteʼmoli 157 mln kubometrni tashkil qildi.
Mamlakatimizdagi 1 ming 378 ta metan zapravka orqali isteʼmolchilarga 14,6 mln kubometr, belgilangan rejadagiga nisbatan 104 foiz koʻp tabiiy gaz sotildi. Avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali 600 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.
Avtobenzin va dizel yonilgʻisi ham aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, kecha “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalariga 2 ming 517 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida sotish uchun 3 ming 760 tonna avtobenzin, 2 ming 40 tonna dizel yonilgʻisi qoʻyilgan boʻlib, undan 3 ming 362 tonna avtobenzin hamda 304 tonna dizel yonilgʻisi sotildi
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari ham oʻrnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.
Respublika hududlari boʻylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar tezkor bartaraf etib borilmoqda. Elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tuzilgan maxsus brigadalar tunu kun ishlab, tarmoqlarda yuzaga kelayotgan nosozliklarni kechiktirmasdan taʼmirlamoqdalar.
Kecha mamlakatimiz boʻylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 8 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 132 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti boʻyicha kelib tushgan 142 ta murojaat boʻyicha ham tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
11-yanvar kuni tizimda avvalgi kunlarda boʻlgani kabi favqulodda hodisalar yoki yirik avariyalar kuzatilmadi.
Hurmatli isteʼmolchilar! Elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki “Feysbuk” ijtimoiy tarmogʻidagi maxsus guruhga hamda koʻmir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.