Mutasaddilarga o‘tgan yil boshida benzin bo‘yicha yetarli zaxira qilish topshirig‘i berilgan. Narx oshmasligi uchun benzin bir yil davomida aksiz solig‘idan ham ozod qilingan edi.
Shunga qaramay, benzin o‘tgan yil davomida o‘rtacha 19 foizga qimmatladi.
Bu – transport xarajatlari qimmatlashib, ishlab chiqarish va eksportda tannarx oshdi, degani.
Takror va takror aytaman. Inflyatsiya – aholi va biznes daromadlari uchun soliq. Uni jilovlamasak, kambag‘allik kamaymaydi, iqtisodiy o‘sish bo‘lmaydi!
- dedi Prezident.
Kelgusi yilda butun dunyoda oziq-ovqat narxlari oshishi ehtimoli yuqori. Mahsulotlar inflyatsiyasini faqat oziq-ovqatni ko‘paytirish orqali jilovlash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda har yili mahsulotlarni ko‘paytirish bo‘yicha maxsus hukumat qarori qabul qilinadi. Har bir tarmoq vaziriga narx barqarorligini taʼminlash bo‘yicha KPI belgilanadi. Har haftada Hukumat yig‘ilishidagi birinchi masala inflyatsiyani jilovlashga bag‘ishlanadi.