Assalomu alaykum!
16-yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.
Kecha elektr stansiyalar orqali jami 255 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 107 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 46,1 mln kubometr tabiiy gaz, 23,9 ming tonna ko‘mir hamda 7,9 ming tonna mazut yoqildi.
Respublika iste’molchilariga 244,4 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 106 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste’moli 163,5 mln kubometrni tashkil qildi.
Mamlakatimizdagi 1 ming 371 ta metan zapravka orqali iste’molchilarga 13,3 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali 700 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi ham aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 16-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 1 ming 907 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 3 ming 300 tonna avtobenzin, 1 ming 962 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 2 ming 551 tonna avtobenzin hamda 333 tonna dizel yonilg‘isi sotildi
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari ham o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.
Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar tezkor bartaraf etib borilmoqda. Elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tuzilgan maxsus brigadalar tunu kun ishlab, tarmoqlarda yuzaga kelayotgan nosozliklarni kechiktirmasdan ta’mirlamoqdalar.
Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 7 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Xususan, kuchli tufayli soat 11:30 da Samarqand viloyatida 110 kVli “L-Promuzel” elektr uzatish tarmog‘i 40 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chgan. Oqibatda Urgut tumani hamda Samarqand shahridagi 16 mingta iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgan. Soat 13:35 da ta’minotdan uzilgan barcha iste’molchilar boshqa manbalardan ta’minlangan. Soat 17:45 da nosozlik to‘liq bartaraf etilib, elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.
Shuningdek, soat 12:10 da Toshkent viloyatida 110 kVli “Go‘shtkombinat” podstansiyasida transformatorning avariyaviy o‘chishi tufayli Zangiota tumanidagi 3750 ta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 14:28 da nosozlik bartaraf qilinib, iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.
Elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 181 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 233 ta murojaat bo‘yicha ham tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Shu o‘rinda iste’molchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.