Assalomu alaykum!
17-yanvar kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beramiz.
Kecha elektr stansiyalar orqali jami 255,1 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 107 foiz koʻp elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 46,1 mln kubometr tabiiy gaz, 24,7 ming tonna koʻmir hamda 8,9 ming tonna mazut yoqildi.
Respublika isteʼmolchilariga 243,6 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 105 foiz koʻp elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz isteʼmoli 161,6 mln kubometrni tashkil qildi.
Mamlakatimizdagi 1 ming 350 ta metan zapravka orqali isteʼmolchilarga 12,4 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali 700 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.
Avtobenzin va dizel yonilgʻisi ham aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, kecha “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalariga 2 ming 670 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida sotish uchun 3 ming 300 tonna avtobenzin va 4 ming 73 tonna dizel yonilgʻisi qoʻyilgan boʻlib, undan 2 ming 601 tonna avtobenzin hamda 2 ming 130 tonna dizel yonilgʻisi sotildi
Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari ham oʻrnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.
Respublika hududlari boʻylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar tezkor bartaraf etib borilmoqda.
Kecha mamlakatimiz boʻylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 10 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.
Xususan, kuchli shamol tufayli soat 07:40 da Jizzax viloyatida 6-10 kVli 5 ta fider 3,5 MVt quvvat bilan avariyaviy oʻchgan. Oqibatda viloyatning Gʻallaorol, Forish hamda Zomin tumanlaridagi 2 ming
210 ta isteʼmolchi elektr taʼminotisiz qolgan. Soat 13:37 da nosozlik bartaraf etilib, elektr taʼminoti tiklandi.
Shuningdek, soat 09:33 da Surxondaryo viloyatida 110 kVli “L-Bobotogʻ-1» elektr uzatish tarmogʻining avariyaviy oʻchishi tufayli Qumqoʻrgʻon va Jarqoʻrgʻon tumanlaridagi 4 ming 500 ta isteʼmolchi elektr taʼminotidan uzilgan. Soat 09:50 da, yaʼni atigi 17 daqiqa ichida nosozlik toʻliq bartaraf qilinib, isteʼmolchilarning elektr taʼminoti tiklandi.
Elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 186 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti boʻyicha kelib tushgan 217 ta murojaat boʻyicha ham tezkor chora-tadbirlar olib borildi.
Qishning sovuq kunlarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tashkil etilgan, kechayu kunduz ishlaydigan 1 ming
691 ta maxsus brigada safidagi 7 ming 300 nafardan ziyod ishchi-xodimlar joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqdalar.
Shu oʻrinda isteʼmolchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qatʼiy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.
Shu bilan birga, yurtdoshlarimizni energiya manbalaridan samarali foydalanishga, ularni isrof qilmaslikka chaqiramiz. Bilamizki, energiya resurslari chek-chegarasiz va tuganmas emas. Bugun biz yoqayotgan tabiiy gaz, biz ishlatayotgan elektr energiyasi, biz isteʼmol qilayotgan ichimlik suvida farzandlarimizning, kelajak avlodning ham haqqi bor. Shunday ekan, barchamiz bugun bizga suvtekin boʻlib koʻrinayotgan, ammo aslida eng qimmatli va eng qadrli boʻlgan ushbu resurslarni tejab-tergab, iqtisod qilib foydalanishimiz ham qarz, ham farzdir.
Hurmatli isteʼmolchilar! Elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki “Facebook” ijtimoiy tarmogʻidagi maxsus guruhga hamda koʻmir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.